Asosiy menu

KITOBXONLARGA «SUIQASD» TAQDIM ETILDI


KITOBXONLARGA «SUIQASD» TAQDIM ETILDI

25 yanvar kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida «O‘zbekiston millliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan yozuvchi Akbar Mirzo qalamiga mansub «Suiqasd» romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ijodkorlar asarlarida tarannum etgan Istiqlolni zamonamizning yana bir qahramoni 1991 yil avgustida e'lon qildi. Bu kunni umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelamiz. Ming yillar bo‘yi orzulab kelingan Mustaqilligimizni e'lon qilgan kishi mamlakatimizning, xalqimizning, zamonamizning chinakam qahramoniga aylandi. Zero, Mustaqillikni qo‘lga kiritish mashaqqati bilan uni saqlashning, avaylab-asrashning o‘rtasida ulkan tafovut bor. Shunday buyuk mas'uliyatni o‘z zimmasiga olib, bu tarixiy vazifani bekamu ko‘st bajarib kelgan Mustaqilligimiz me'mori, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bu yo‘ldagi mashaqqatlari, iztiroblari, faoliyati o‘z ifodasini topgan asar o‘quvchilar hukmiga havola qilindi. Davr qahramonlarini badiiyatga muhrlash, avlodlarga yetkazish ijodkorlarning vazifasidir. Ushbu vazifa mas'uliyatini his etgan yozuvchi Akbar Mirzoning «Suiqasd» romani shu nuqtai nazardan katta ahamiyatga molik asar. 

Taqdimotda romanning badiiy jihatlari, tili, uslubi va boshqa tomonlari haqida taniqli ijodkor, olim va mutaxassislar o‘z fikrlarini aytishdi. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti keyingi paytlarda nafaqat ilmiy fundamental kitoblar nashriga, balki jahonshumul badiiy asarlar chop etilishiga ham katta ahamiyat qaratib kelayotgani alohida e'tirof etildi. Xususan, kuni kecha «Sof.uz» sayti e'lon qilgan eng ko‘p sotilgan kitoblar statistik reytingida mazkur nashriyotda chop etilgan «Drabbllar. Dunyoning eng kichik hikoyalari», «XX asr: muhabbat haqida 20 hikoya» kabi kitoblar borligi qayd etildi. Yurtimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik darajasini oshirishga hukumat darajasida ahamiyat qaratilayotgani ta'kidlandi. 

«Tan olish kerak, bugungi kunda umuminsoniy qadriyatlar, jahoniy adabiyot mezonlariga, talablariga javob berolmaydigan asarlar chop etish avj oldi, bunday kitoblarni chin adabiyot deb qabul qilib, ular ruhida tarbiyalangan sayoz o‘quvchilar ommasi ham shakllanib ulgurdi, - deydi nashriyot bosh muharriri Habib Abdiyev. - Nashriyotlar bunday kitoblarni moddiy manfaat yuzasidan epaqaga keltirar-keltirmas chop etishyapti. Aslida, aksari bunday asarlarga nisbatan epaqaga keltirish degan iboraning o‘zi nomunosib. 

Endilikda chin so‘zni tushunadigan, badiiyatni anglaydigan, voqyeanavislik, bayonchilik bilan haqiqiy badiiy asarni farqlashga qodir kitobxonlarni shakllantirish adabiyot ahli, qalam ahli, ayniqsa, noshirlar oldida turgan dolzarb vazifadir. Endi o‘quvchilar uchun ularning ma'naviyati, tafakkuri, didi va saviyasini o‘stiradigan, shaxs sifatidagi takomiliga xizmat qiladigan kitoblarni taqdim etish vazifasi nashriyotlar zimmasiga ulkan mas'uliyat ham yukladi. Yoshlarni o‘zlikni anglash, Vatanparvarlik ruhida tarbiyalay oladigan yetuk kitoblar suv bilan havoday zarur. Akbar Mirzoning «Suiqasd» nomli kitobini ana shunday harakatlarning birgina misoli sifatida qabul qilish mumkin». 

Tadbirda Matbuot va axborot agentligining Nashriyotlar va ommaviy axborot vositalari boshqarmasi bosh muharriri, taniqli shoir Muhiddin Omon so‘zga chiqib, «Suiqasd» romanining turfli jihatlari borasida mufassal nutq so‘zladi va mazkur kitob nashri bilan asar muallifini, nashriyotni hamda kitobxonlarni samimiy qutladi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan taniqli jurnalistlar, olimlar - J. Razzoqov, Sh. Ubaydullayev, Z. Isomiddinov, A. Alimbekov va boshqalar kitob haqida iliq fikrlar bildirishdi.