Asosiy menu

Respublika “KITOB BAYRAMI” ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkaziladi


Respublika «KITOB BAYRAMI» ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkaziladi

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bir qator tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 2017 yilning 25-27 may kunlari Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda «Adabiyotga e'tibor - ma'naviyatga, kelajakka e'tibor» shiori ostida Respublika «KITOB BAYRAMI» ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan. Mazkur tadbir «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Toshkentda o‘tadigan tadbirda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 100ga yaqin nashriyot, matbaa korxonalari va kitob savdosi tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Respublika «Kitob bayrami»da 2 millionga yaqin aholi ishtirok etishi kutilmoqda.

Bayram kunlarida ishtirokchi nashriyotlar tomonidan 2017 yilda chop etilgan yangi kitoblarining taqdimotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, Xalq shoirlari va yozuvchilari, o‘nlab taniqli va iste'dodli yosh adib va shoirlar hamda noshir va matbaachilar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tadi.

Respublika «Kitob bayrami»ning tantanali ochilish marosimi 2017 yil 25 may soat 11.00 da Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida  bo‘lib o‘tadi.

Respublika «Kitob bayrami»ning ikkinchi kuni, ya'ni 26 may kuni soat 9.00da O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining majlislar zalida «Kitob - millatning bebaho madaniy va ma'naviy merosi» mavzuida V ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Mazkur konferensiyada noshirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-huquqiy asoslari, tarixiy asarlarni nashrga tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari va yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishda kutubxona va axborot-kutubxona muassasalarining ahamiyati kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.

Respublika «Kitob bayrami» doirasida erkin kitob savdosi ham bo‘lib o‘tadi.