Asosiy menu

KENGAYTIRILGAN HAY'AT MAJLISI BO‘LIB O‘TDI


Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 avgustdagi “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5148-son farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 avgustdagi “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3223-son qarori ijrosini tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay'at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Agentlikning bosh direktori Laziz Tangriyev olib bordi. Kun tartibida belgilangan mavzular bo‘yicha Agentlik boshqarma boshliqlari soha faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, yo‘l qo‘yilgan barcha xato-kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek sohani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, yangicha faoliyat yuritishga oid konsepsiyani ishlab chiqish hamda amaliy choralar belgilash masalalariga oid aniq taklif-mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyat matbuot va axborot boshqarmalari boshliqlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida qayd etib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va sohaga oid masalalarni hal etish, bozor munosabatlari sharoitida ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning ishini prinsipial jihatdan kuzatish, baholash, tahlil qilib borish, qo‘llab-quvvatlash borasida aniq dasturiy rejalar tuzish lozimligini qayd etib o‘tishdi.

Hay'at majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma olti yilligi munosabati bilan fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san'at, ma'naviyat va ma'rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi chop etish sexining 6-razryadli chop etuvchisi Yusufjon Ergashev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi yetakchi korrektori Maqsuda Eshonxonova hamda “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tahririyat bo‘limi texnik muharriri Surayyo Nabiyeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani bilan hay'at ishtirokchilari ularni samimiy muborakbod etib, kelgusi ishlarida zafarlar tilashdi.

Hay'at majlisi yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.