Asosiy menu

“BOLALAR KITOBI” III RESPUBLIKA FESTIVALIGA BAG‘ISHLANGAN MATBUOT ANJUMANI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentyabrdagi “Bolalar kitobi” III Respublika festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi majlisining 140-son bayoni (№ 08/1-248, 05.09.2017 yil) qarorida belgilanganiga muvofiq, 2017 yilning 14-16 sentyabr kunlari Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar markazlarida “Sog‘lom va ma'naviy yetuk avlod - yurt kelajagi!” shiori ostida “Bolalar kitobi” III Respublika festivali o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan 11 sentyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir matbuot anjumanini bo‘lib o‘tdi.

Unda Agentlik tizimidagi “O‘zbekiston” NMIU, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, “O‘qituvchi” NMIU, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”davlat ilmiy nashriyoti hamda “G‘uncha”, “Gulxan” jurnali, “Tong yulduzi” va “Sog’lom avlod” gazetalarining bosh muharrirlari ishtirok etdi.

“Bolalar kitobi” III respublika festivali 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida kelajak avlodni intellektual rivojlangan, har tomonlama yetuk, barkamol inson etib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish masalalariga oid tegishli vazifalar ijrosini amalga oshirishga hissa qo‘shish, yoshlarni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada kengaytirish, bolalar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy-badiiy jihatdan yetuk adabiyotlar salmog‘ini ko‘paytirish hamda bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirish, kelajak avlod ma'naviyatini yuksaltirish, boy milliy merosimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashga davlat darajasida qaratilayotgan e'tiborni keng jamoatchilikka yetkazish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida o‘tkaziladi.

“Bolalar kitobi” III respublika festivali nafaqat poytaxtda, balki bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham o‘tkaziladi. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2017 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, 131 ta nashriyot, 1815 ta matbaa korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Respublika nashriyotlari tomonidan har yili 4 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 50 mln. nusxadan ortiq turli kitob mahsulotlari nashr etilmoqda. Ellikdan ortiq nashriyot bolalarga bag‘ishlangan kitob mahsulotlarini chop etib kelmoqda. Bugun yurtimizda nashr etilayotgan adabiyotlarning har uchtadan bittasi bevosita bolalar va yoshlarga bag‘ishlangan nashrlardir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi tomonidan 2015-2017 yillarda 100 dan ziyod o‘zbek va jahon klassik adabiyoti vakillarining asarlari nashrdan chiqdi.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Maktab adabiyoti xrestomatiyasi” ruknida maktab darsliklariga kiritilgan o‘zbek va jahon adiblarining 44 nomdagi asarlari nashr etilmoqda. Shuningdek, “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 tomdan iborat doston, xalq qo‘shiqlari, ertaklar, topishmoqlar, bolalar o‘yinlari kabi xalq ijodi namunalarini o‘zida mujassam etgan kitoblar majmuasini nashr etishmoqda.

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi “Mening birinchi kitobim” loyihasi bo‘yicha 18 nomda maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan kitoblar to‘plamini, “Bolalar she'riyati antologiyasi” va “Bolalar nasri antologiyasi”, “Sinfdan tashqari o‘qish” kabi kitoblarni 300 ming nusxada nashrdan chiqardi.

“Bolalar kitobi” III respublika festivalida yurtimizda faoliyat yuritayotgan 60 dan ziyod nashriyot va matbaa korxonalari o‘z kitob mahsulotlari bilan faol ishtirok etadi.

Bayram kunlarida ishtirokchi nashriyotlar tomonidan so‘nggi yillarda chop etilgan 500 dan ziyod nomdagi yangi kitoblarning taqdimotlari, O‘zbekiston xalq shoirlari va yozuvchilari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, taniqli va yosh ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar, qolaversa, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tadi.

Sayl tarzida tashkil etiladigan tadbirlarda “Eng faol yosh kitobxon”, “Yosh kitobsevar”, “Mening birinchi kitobim”, “Kitobxon oila”, “Kitob - beminnat ustoz”, “Odamiylik kitobga bo‘lgan ehtiromdan boshlanadi” kabi mavzularda sovrinli intellektual viktorina va mushoiralar, “Men sevgan kitoblar” mavzusida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, nashriyotlar tomonidan “Bolalarga kitob o‘qishga mehr uyg‘otishda ota-onalarga maslahatlar” nomli flayerlar tarqatiladi.

Bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar tomonidan so‘nggi yillarda nashr etilgan bolalar adabiyoti, jumladan, mumtoz va eng sara zamonaviy adabiyotlar, ayniqsa, o‘quv-ma'rifiy kitoblar, ensiklopedik lug‘at va ma'lumotnomalar namoyishi va erkin savdosi uyushtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan jalb etilgan Respublika yosh tomoshabinlar teatri, Respublika Davlat qo‘g‘irchoq teatri, “Tomosha” teatr studiyasi hamda turli bolalar san'at guruhlarining konsert dasturlari namoyish etiladi.

“Bolalar kitobi” III respublika festivalida poytaxt aholisi va mehmonlari sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyotlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma stendlarni tomosha qiladilar.