Asosiy menu

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Yulduzlar mangu yonadi” deb nomlangan xotira kechasi

2018 yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Yulduzlar mangu yonadi” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Xotira kechasida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Baxtiyor Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘ofurov, shoir Mirzo Kenjabek, tarjimon Yevgeniy Abdullaev, adabiy tanqidchi Xurshid Do‘stmuhammadlar so‘zga chiqib, Tog‘ay Murodning xech kimnikiga o‘xshamas ijodiy uslubi, fe’l-atvori va uning o‘lmas asarlari haqida mulohaza yuritdilar.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid tadbir ishtirokchilarini qutladi va iste’dodli adib, tarjimon Tog‘ay Murod hayoti va ijodi haqida ma’lumot berdi. “Uning asl ism-sharifi Tog‘aymurod Mengnorov bo‘lib, Tog‘ay Murod adabiy taxallusidir. U 1948 yilda Surxondaryo viloyati Denov tumanining Xo‘jasoat qishlog‘ida dunyoga kelgan. O‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idagi o‘rta maktabni 1966 yilda tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Uni 1972 yilda muvaffaqiyatli yakunlab, Respublika radiosida muharrirlik qilgan. 1976-1978 yillarda «O‘zbekiston fizkulturachisi», 1982-1984 yillarda «Fan va turmush» jurnalida faoliyat ko‘rsatgan”.
“Tog‘ay Murodning asarlari ko‘plab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, o‘zi 1999 yilda “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” degan yuksak unvon bilan taqdirlandi. Uning asarlari asosida spektakllar sahnalashtirilgan, “Otamdan qolgan dalalar” asari asosida ikki qismdan iborat film yaratilgan. Tog‘ay Murod iste’dodli tarjimon sifatida 1974-1975 yillarda J.Londonning “Boyning qizi” dramasi va bir necha hikoyalarini, 1989 yilda esa Ye.Seton-Tompsonning mashhur “Yovvoyi yo‘rg‘a” kitobini tarjima qildi”, - dedi Muhammad Ali.

“Iste’dodli adib Tog‘ay Murod o‘zbek adabiyotiga 70-yillarning oxiri va 80-yillarning boshlarida kirib keldi. 1976 yilga kelib Tog‘ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” degan ilk qissasi, 1979 yilda “Ot kishnagan oqshom”, 1980 yilda “Oydinda yurgan odamlar” va 1985 yilda “Momo Yer qo‘shig‘i” kabi o‘zbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keladi. Agar adib o‘zining “Yulduzlar mangu yonadi” ilk qissasida o‘zbek milliy kurashi haqida hikoya qilgan bo‘lsa, “Ot kishnagan oqshom” qissasida uloqchi-chavandozlar hayotini tasvirladi”, - deya Ibrohim Gofurov asar qahramonlarining tasvirlanishiga alohida e’tibor qaratdi.

“Tog‘ay Murod asarlarida hikoya, ifoda yo‘sini yangicha tus oladi. Yozuvchi o‘z qissalaridagi bosh qahramonlarning kechinmalarini, iztiroblarini, tuyg‘ularini sodda xalqona til bilan ifodalaydi, ulardagi ilohiy mehrni ulug‘laydi. U o‘z turli tafovvutlarga boy voqealar, ziddiyatli obrazlar va qarama-qarshi kechinmalaru, xis-tuyg‘ularni mahorat bilan umumlashtiradi”, - dedi Kenjabek Mirzo.
Tarjimon Yevgeniy Abdullaev Tog‘ay Murodning asarlaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va “Oydinda yurgan odamlar” qissasining rus tiliga tarjima qilinishida kechirgan xissiyotlarini ta’rifladi. “Tog‘ay Murodning nafaqat asarlarining tili, balki nomlarini xam tarjima qilish mushkul. Buning uchun u kabi dunyoqarash va fikrlash doirasiga ega bo‘lish kerak”, - dedi Yevgeniy Abdullaev va yig‘ilganlarga tarjimon Vadim Muratxanov bilan birgalikda rus tiliga tarjima qilgan kitobini taqdim etdi.
“Tog‘ay Murod dunyosi o‘zgacha bo‘lgani bois, uning asarlarida ehtiros, til jilolari, tasvir ohanglari uning o‘zigagina xos tarzda tasvirlangan. U o‘z qahramonlari timsolida o‘zbek, aniqrog‘i surxon xalqining umumlashgan, ramziy obrazini ustalik bilan ifodalar edi”, - dedi Xurshid Do‘stmuhammad.

Shuningdek, xotira kechasida Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir (Turkiya), Le-Man universiteti professori Mishel Busher (Fransiya), shoir, yozuvchi va tarjimon Vadim Muratxanov (Rossiya) singari xorijlik olim va ijodkorlarning Tog‘ay Murod ijodi, uning asarlari ustida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida videomurojaatlari namoyish etildi.

Tadbir doirasida yozuvchi va tarjimon Tog‘ay Murod ijodi bilan tanishtiruvchi kitob-rasmli ko‘rgazma taqdim etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati