Asosiy menu

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali suxandon Muslimbek Yo‘ldoshevning “Suxandonlar” kitobi taqdimoti

2018 yil 8 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Oltin qalam» Milliy mukofoti sohibi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Turon» fanlar akademiyasi akademigi, oliy toifali suxandon Muslimbek Yo‘ldoshevning “Suxandonlar” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda televidenie va radio faxriylari, turli yillarda faoliyat yuritgan suxandonlar, talabalar, OAV xodimlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabaeva tadbir ishirokchilarini qutladi va mazkur taqdimotning kutubxonada o‘tkazilayotganidan mamnunligini izhor etdi. “Yil boshida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning tavallud ayyomlari keng nishonlanishi yil davomida kutubxonamizda uning ruhini his etish, uning she’riyati nafasini his etish imkonini beradi. Uning “Muhokamat ul-lug‘atayin” asarida so‘z durga qiyoslanadi. Dur dengiz qa’rida bo‘lganidek, so‘zning makoni inson ko‘nglidir. Har bir inson, hususan, suhandonlarning o‘z aytar so‘ziga egalik qilishi, so‘z odobi, madaniyatini saqlay bilishi, ularning yuksak insoniy fazilatlar egasi ekanligini isbotlaydi”, - dedi U.Teshabaeva va muallifning faoliyatiga alohida urg‘u berdi.
Tadbirda filologiya fanlari doktori, akademik B.Nazarov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent O.Madaev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist N.Ibrohimova, adabiyotshunos olim Sh.Rizaev, filolgiya fanlari doktori, professor Q.Yo‘ldoshev, kinorejissyor, aktyor va so‘z ustasi Temurmalik Yunusov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist O‘.Siddiqov, kitob muallifi M.Yuldoshevlar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda televidenie va radio suxandonligi sohasining paydo bo‘lishi tarixi, o‘z kasbining mahoratli va fidoiy egalari, bugungi kunda erishilgan marralar va suxandonlik kasbining o‘ziga xos jihatlari haqida gapirdilar.
“Suxandonlarning kayfiyatiga qarab millionlab tomoshabinlarning kayfiyati sozlanadi. Suhandonlar har bir xonadonga, qalbga kirib boradilar. Ular so‘z madaniyati va so‘z ziynatini o‘ta qadrlaydigan insonlardir. Muslimbek Yo‘ldoshev mazkur kitobida shunday insonlarning hayoti, matonatli mehnati, qismati, taqdiri jamlab, bizlarga armug‘on etmoqda”, - deya e’tirof etdi filologiya fanlari doktori, akademik B.Nazarov.
“Suxandonlar” nomli kitob oltmish yillik televidenie tarixida ijod qilgan telesuxandonlar va boshlovchilar hakidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlab, boshqa hech qaysi manbadan topilmaydigan hayotiy lavhalar, voqealar, raqamlar, dalillar, fotosuratlardan iborat bo‘lib, televidenie diktorlari haqidagi boy ma’lumotlarga ega”, - deya kitob haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist N.Ibrohimova.
Taqdimot ishtirokchilari va tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etar ekan, kitob muallifi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Oltin qalam» Milliy mukofoti sohibi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Turon» fanlar akademiyasi akademigi, oliy toifali suxandon M.Yo‘ldoshev dedi: “O‘zbekiston MTRK– bu bir ijodxona. Bu yer g‘oyalar jo‘sh uradigan, yangiliklar tug‘iladigan, fikrlar junbushga keladigan maskan. Yoshlarimiz agar shu harakatni ilib ketishsa, ishonamanki, o‘z televideniemizning tarixini o‘zimiz yozamiz. Televideniedagi suxandonlik faoliyatim barobarida gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilganman. O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi, O‘zbekkonsert, O‘zbeknavo birlashmalari tadbirlarida ishtirok etganman. Shahar va mamlakat miqyosidagi xar turli sanalarga bag‘ishlangan tantanalarda ishlaganman. Mana shu faoliyat davomida juda ko‘plab buyuk shaxslar, yetuk ijodkorlar davralarida bo‘lib ulardan ko‘p ilhomlanganman. Mana shu olingan quvvat, tajriba va duolar sabab bugungi kunga qadar o‘n to‘rtta kitob nashr ettirib, ularni o‘quvchilar qo‘liga yetkazishga muyassar bo‘ldim. Ular she’riy to‘plamlar, badiiy-publitsistik esse va maqolalar, xotiralardan iborat bo‘lgan kitoblar”, dedi.
Tadbirda “MEROS” milliy qo‘shiqlar ansambli hamda xonanda Sevara Nazarxon ijrosida kuy va qo‘shiqlar yangradi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati