Asosiy menu

Xalqaro bolalar kitobi kuni

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi. Hudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Dilshod Rajabov, Xamidulla Akbarov, Ne’matjon Dushayev, Shukur Abdullayev kabi bolalarning sevimli shoirlari va yozuvchilari ishtirok etdi.

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi muharriri Davron Ulug‘murodov tadbir ishtirokchilarini qutladi, ularga Xalqaro bolalar kitobi kunini nishonlanish tarixi haqida so‘zlab berdi va O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2017 yilning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi PQ-3271-son Qarorining ijrosini ta’minlash yo‘lida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilayotgan yangi nashrlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, u nashrga tayyorlanayotgan bolalar adabiyotining «Oltin to‘plam» seriyasi haqida ma’lumot berdi va tez kunlarda bolajonlar qo‘llariga tegishini aytdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hudoyberdi To‘xtaboyev bolajonlarni ajoyib bayram – Xalqaro bolalar kitobi kuni bilan qutlar ekan, ularga ertaklar, ertaklardagi hikmatlar, ularning bolalar tarbiyasidagi ko‘rinmas kuchi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek adib, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilayotgan kitoblar, nashrlarning adadi, respublikamizning uzoq hududlariga yetib borishi va ularning narxi bilan bog‘liq muammolar ustida alohida to‘xtaldi.

Bolallarning sevimli shoiri Anvar Obidjon bola tarbiyasida kitobning o‘rnini e’tirof etib, bolalarni ko‘proq mutolaa qilishga chaqirdi. «Kitoblardagi voqealar, ibratli hikoyalar, ezgu ertaklar orqali inson shakllanadi. Kitoblarda ma’no ko‘p, fikr ko‘p bo‘ladi. Ertak – bu insonlarni ezgulikka chorlovchi, yomonlikdan qaytaruvchi, ayyorlik, yolg‘onchilikdan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi kichik hayotiy hikoyadir», - dedi va o‘z qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qib berdi.

Bolalarning sevimli shoirlari Dilshod Rajabov, Xamidulla Akbarov, Ne’matjon Dushayev, Shukur Abdullayevlar ham bolalarni kitobni sevishga, uni asrab, avaylab, sevib mutolaa etishga chaqirdilar va o‘z ijodlaridan she’rlar o‘qib berdilar. Chilonzor tumanidagi 138-umumta’lim maktabi 6-sinf o‘quvchisi Dinara Narzillayeva ham o‘z qalamiga mansub she’rlardan o‘qib, otaxon-shoirlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Yunusobod tumani 51-umumta’lim maktabi qoshidagi «G‘uncha» raqs jamoasi tadbir ishtirokchilariga dunyo xalqlari raqslaridan guldasta armug‘on etdi.