Asosiy menu

Matbaa mahsulotlari zamonaviy va albatta, milliy qadriyatlarimizga mos bo‘lishi kerak

2018 yilning 1 iyun kuni Xorazm viloyat axborot kutubxona markazida viloyat matbuot va axborot boshqarmasi tomonidan viloyat davlat soliq boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi bilan hamkorlikda «Kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va tarqatilishining oldini olish: tadbirkorlik madaniyatini oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoyalash borasidagi ishlar haqida» mavzusida matbuot anjumanini o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan MTRK va «Zo‘rTV» telekanali bilan hamkorlikda ishlangan «Kontrafakt matbaa mahsulotlaridan hushyor bo‘ling!» nomli videorolik namoyish etildi.

Kontrafakt matbaa mahsulotlari davlat standartlari hamda belgilab qo‘yilgan me’yoriy hujjatlardagi ko‘rsatkichlarga zid ravishda tayyorlangan va chop etilgan matbaa mahsulotidir. Ular yosh avlodning sog‘lig‘iga, shuningdek teng raqobatli muhitning izdan chiqishi va iqtisodiyotning mo‘tadil o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zga ishlab chiqaruvchi yoki muallifning asarini uning roziligisiz qonunga xilof ravishda qayta chop ettirib, mualliflik huquqini buzish yoki adabiy asarni soxtalashtirib chiqarish orqali nafaqat qonun buzilishi yuz beradi, balki buning ortidan insonlar salomatligiga ham jiddiy zarar yetadi.

- Bugungi kunda bosmaxonalar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar sifati bilan birga mazmuni ham zamonaviy mijoz didiga mos va albatta, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib chop etilishi va tarqatilishiga katta e’tibor berishimiz zarur, - dedi «E’tiqod» xususiy firmasi direktori B.Solayev. - Korxona rahbarining shaxsan mas’uliyatini yanada oshirish, kontrafat mahsulotlarni ishlab chiqarish va tarqatish aholi, ayniqsa, bolalarimiz sog‘ligiga katta zarar yetkazishini unutmasligimiz kerak.