Asosiy menu

Navoiyda kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar ish boshladi


Navoiyda kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar ish boshladi

Navoiyda «Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish» mavzusida respublika seminari boshlandi. 

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston xalq artisti E.Komilov, «Yangi asr avlodi» nashriyoti direktori E.Abdurahmonov va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va san’atimizni yanada rivojlantirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ijodkorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Tadbir Navoiy shahridagi «Kamolot» kitob dunyosi» do‘koni faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda 400 dan ziyod nomdagi kitoblar sotilmoqda. 

Yoshlar markazida kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi hamda taniqli shoir-yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari ishtirokida «Men sevgan kitob» mavzusida uchrashuv tashkil etildi. 

– Biz – urushdan keyingi avlod og‘ir zamonlarda ulg‘aydik. Shu bois bugungi yoshlarimizga havasim keladi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. – Bugun farzandlarimiz uchun hamma sharoit bor, faqat o‘qish va izlanish talab etiladi. Biz, kattalar ba’zida farzandimizni kitob o‘qimaslikda ayblaymiz. Aslida xatoni o‘zimizdan izlasak to‘g‘ri bo‘ladi, ya’ni o‘zimiz yoshlarga ibrat bo‘lishimiz kerak. Davlatimiz rahbarining farmoyishi nafaqat mutasaddi idoralarni, balki har bir ota-onani bu ishda faol bo‘lishga undaydi. 

Seminar davomida Nurota tumani yoshlari bilan uchrashuv, Said ota mahallasida kitobxonlik bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazilib, Nurota ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida mahalla yoshlari va o‘quvchilar ishtirokida «Zukko kitobxon» intellektual turniri tashkil etiladi. Navoiy davlat pedagogika, Navoiy davlat konchilik institutlarida, Navoiy shahridagi Bunyodkor mahallasida intellektual turnir va «Mening sevimli kitobim» sotsiologik so‘rovlari o‘tkaziladi. 

– Tadbir doirasida tashkil etilgan kitob savdosiga farzandlarim bilan keldik, – deydi Navoiy shahridagi Turon mahallasida yashovchi Dilafro‘z Xo‘jayeva. – Men ham har bir ota-ona kabi o‘z farzandlarim kelajagi, ularning tarbiyasi uchun mas’ulman. Shu sabab, bolalarimga yoshiga munosib kitob olib beraman. Bu ularning kitobga bo‘lgan mehri oshishiga yordam beradi. Yaqinda oilamiz bilan Amir Temur hayotiga oid asarni o‘qib tugatdik. Oilamizdagi bu muhit farzandlarimizga ham ijobiy ta’sir etadi, deb o‘ylayman. 

Seminarda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi. 

O‘zA