Asosiy menu

Konstitutsiya va kitobxonlar

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Bolajonlar «Baxtimiz qomusi» deb nomlangan viktorinada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid bilimini sinovdan o‘tkazdi. Eng ko‘p ball to‘plagan yosh kitobxon, poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 41-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilfuza Fayziyeva jahon adabiyoti durdonalari turkumidagi kitoblar bilan taqdirlandi.

Konstitutsiyaning yozma manbalari mavzuiga bag‘ishlangan tadbir esa «O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan tayyorlagan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi. Filmda Asosiy qonunimiz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga huquqiy asos ekanligi haqida hikoya qilinadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur va O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy meros, xususan, «Al-hidoya», «Al-ahkom as-sultoniya», «Temur tuzuklari» kabi asarlar ham Konstitutsiyamizni yaratish jarayonida manba bo‘lgani haqida tushunchalar berdi. Sharq davlatchilik tarixi va taraqqiyoti, Abu Nasr Farobiyning ilmiy merosida davlat va huquqqa oid siyosiy qarashlarga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy fakultetda mehnat qilayotgan bir guruh xodimlarga «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonlari topshirildi.

Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida «Hayotimizning Asosiy qomusi» deb nomlangan kitoblar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmaning asosiy eksponati – Konstitutsiyamizdir. Yoshlarimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga mo‘ljallangan adabiyotlar ham ko‘rgazmadan joy olgan.

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rik qilishga majburliklari aytilgan,– deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy fakultet talabasi Sardor Nig‘matov. – Demak, Asosiy qonunimiz orqali biz, yoshlar nafaqat huquqlarimiz, balki burchlarimizni ham anglaymiz. Vatanga hurmat, uni himoya qilish mas’uliyati ham shu kabi burchlar asosida shakllanib boradi.

  O‘zA