Asosiy menu

Jizzax viloyatida «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi


Jizzax viloyatida «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida 301,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi

Davlat dasturi doirasida viloyatning qishloq hududlarida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari qurish, ta’mirlash va ularni zamonaviy jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Zafarobod tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi va tug‘ruq majmuasi kapital rekonstruksiya qilinmoqda. 1 milliard 700 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilayotgan inshootda davolash, tashxis qo‘yish va profilaktika tadbirlarini amalga oshirish uchun barcha qulayliklar yaratilayotir. 

– Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish, shifoxonamizning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Zafarobod tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Dilshod Qambarov. – Yaqinda shifoxonamiz zamonaviy raqamli rentgen va 3D formatdagi ultratovush apparatlari, uchta «Damas» avtomashinasi bilan ta’minlandi. Bolalar bo‘limi va tug‘ruqxonaning to‘liq ta’mirdan chiqarilishi bilan onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish yanada yaxshilanadi. 

Davlat dasturi asosida viloyatda yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan 10 umumta’lim maktabi, 5 kasb-hunar kolleji, 8 bolalar sporti inshootini avgust oyida, 8 tibbiyot muassasasini oktabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlar yaratish borasida belgilangan tadbirlar ham izchil amalga oshirilmoqda. 

 O‘zA