Asosiy menu

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha jamoat eshituvi o'tkazildi


Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha jamoat eshituvi o'tkazildi

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida jamoat eshituvi o‘tkazildi. 

Tadbirda mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini muhofazalash, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy himoyalash, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. 

Mamlakatimizda bu boradagi ishlarni tashkil etishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Saksonga yaqin huquqiy hujjat mazkur sohadagi ishlarni tartibga solishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

«Sog‘lom ona – sog‘lom bola» umummilliy dasturi doirasida onalar, bolalar, o‘smirlarga tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Xotin-qizlarning oilada va jamiyat hayotida faolligini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar izchil hayotga tatbiq etilmoqda. 

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan majmuaviy dasturda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga dasturda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sherikchilik munosabatlarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtirokini kengaytirish maqsadida jamoat eshituvlarini tashkil etish topshirilgan. Bu galgi eshituvda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, Oliy va o‘rta maxsus va Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda assotsiatsiya tizimidagi uch yuzga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan ayollar va yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush targ‘ibotini yuritish, tadbirkorlikni rivojlantirishga oid loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 

Nodavlat notijorat tashkilotlarning bu boradagi tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat grantlari tanlovi tashkil etilayotgani o‘z samarasini berayotir. Joriy yil O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tizimidagi qirqdan ortiq jamoat tuzilmasining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari ushbu tanlovda g‘olib deb topilib, moliyalashtirildi. Ushbu loyihalar bo‘yicha ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish, o‘smirlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta turmushning oldini olish maqsadida seminar-treninglar, turli loyihalar tashkil etildi. 

– Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Saodat Boymirzayeva. – Oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, yoshlarni milliy an’analarimizga ehtirom ruhida tarbiyalash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sportga keng jalb qilish, erta turmushning oldini olish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda davra suhbatlari, tanlovlar tashkil etilmoqda. Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha targ‘ibot materiallari chop etilib, tarqatilmoqda. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi. 

O‘zA