Asosiy menu

YOSHLAR QONUNCHILIK PALATASI FAOLIYATI BILAN TANISHDI


YOSHLAR QONUNCHILIK PALATASI FAOLIYATI BILAN TANISHDI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan «Mustaqillik yillarida qonunchilik va xalq manfaatlarining ustuvorligi» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Madaniyat va sport ishlari vazirligi mutasaddilari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Buning hayotiy ifodasini mamlakatimizning har bir fuqarosi, oilasi orzu-intilishlari ro‘yobga chiqayotganida, odamlarning dunyoqarashi yuksalib, hayotga, mehnatga munosabati tubdan o‘zgarayotganida ko‘rish mumkin. 

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini mustahkamlash, bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida ham yosh kadrlarni tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda vazirlik qoshida «Yoshlar klubi» tashkil etildi. 

– Bugun yoshlarning kayfiyati har qachongidan-da ko‘tarinki, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odina Jamoliddinova. – Ular yaratuvchanlik ishtiyoqida qutlug‘ ayyomga katta tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Har ishda faollik va tashabbus ko‘rsatib, ertangi kunini yurt istiqboliga bog‘lab mehnat qilishga kirishmoqda. 

Davra suhbatida yoshlarga parlament faoliyati, qonun ijodkorligi, o‘tgan 25-yil davomida fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. 

«Jahon» axborot agentligi