Asosiy menu

Barqaror rivojlanish omili


Barqaror rivojlanish omili

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan «O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi: qishloq xo‘jaligida erishilgan natijalar barqaror rivojlanish omili» mavzuida davra suhbati tashkil etildi. 

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq va suv xo‘jaligi, Iqtisodiyot, Moliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, O‘rmon xo‘jaligi, davlat veterinariya bosh boshqarmalari, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Oliy Majlis quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Turdiyev, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati uchun katta imkoniyatlar yaratilgani, buning samarasida hosildorlik oshib borayotganini ta’kidladi. 

Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ekin maydonlari optimallashtirildi, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. 

Yig‘ilishda sifatli, ertapishar, serhosil navlarni ekishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori samaradorlikka erishilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda olim va mutaxassislar olib borayotgan ilmiy izlanishlar, yangi navlarni yaratish hamda tabiiy-iqlim sharoitimizga moslashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar yuksak samaralar bermoqda. 

Davra suhbatida Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorining yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil etish, mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilgani qayd etildi. 

Yig‘ilishda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini izchil rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda tayyorlanayotgan qonun loyihalari sifatini yaxshilash, qabul qilingan qonunlarni amalga tatbiq etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish haqida so‘z yuritildi. 

 O‘zA