Asosiy menu

“Hidoya” – dunyo qonunshunosligining ilmiy asosi

Mamlakatimizda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodimiz Burhoniddin Marg‘inoniy asarlari ana shunday bebaho ma’naviy xazinadir.

Burhoniddin Marg‘inoniyning (to‘liq ismi Abdulhasan Ali ibn Abubakr Ibn Abdujalil al-Farg‘oniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniy) o‘lmas merosi, xususan, «Al-Hidoya» («To‘g‘ri yo‘l») kitobi musulmon olamida eng nufuzli va mukammal huquqiy manba sifatida e’tirof etiladi. Bu mumtoz asarning Yevropa xalqlari tillariga tarjima qilingani, hozir ham butun dunyoda katta qiziqish bilan o‘rganilayotgani, unga turli tillarda ko‘plab sharh va izohlar bitilgani Marg‘inoniy merosining umumbashariy ahamiyatidan dalolat beradi.

Buyuk allomaning ibratli hayoti, boy ilmiy merosini o‘rganish va dunyo xalqlari o‘rtasida, jumladan, yurtimizda keng targ‘ib qilish maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 2000 yilda Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlagani ham uning jahon sivilizatsiyaga qo‘shgan hissasiga bo‘lgan e’tiborning yuksak ifodasidir. Marg‘ilon shahrida ulug‘ alloma xotirasiga katta maydon barpo etildi. Maydon markazida allomani dunyoga mashhur qilgan «Al-Hidoya» asariga bag‘ishlab muhtasham yodgorlik o‘rnatildi. Yuksak gumbazli, islimiy naqshlar bilan bezatilgan baland ustunli, ayvonli bu yodgorlik shaharning ham tarixiy, ham zamonaviy qiyofasiga monand tarzda yaratildi. Ziyoratchilarning oyog‘i uzilmaydigan bu maskan endilikda Marg‘ilonning timsoliga aylandi.

– Har gal shu maydonga kelganimda buyuk bobokalonimizning tarixda qoldirgan ulug‘ merosi, ilm-fan, ayniqsa, islom falsafasi, huquqshunosligi asoslari haqida yaratgan o‘lmas asarlari ko‘z oldimga keladi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Do‘stlik» ordeni sohibi Ismoil Mahmud. – Alloma yaratgan asarlar bugungi kunda ham nafaqat sharq mamlakatlari, balki jahon miqyosida keng ilmiy tadqiq qilinmoqda. Dunyo qonunshunosligining ilmiy asosi, deb e’tirof etilmoqda. Ana shunday ulug‘ alloma bizning zamindan ekani barchamizning qalbimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Burhoniddin Marg‘inoniy bobomizning asariga atab barpo etilgan bu majmua barcha ajdodlarimiz xotirasi e’zozlangan maskan sifatida namoyon bo‘ladi.

Marg‘ilon shahrida buyuk alloma nomida xalqaro jamg‘arma tuzilib, ko‘plab xayrli ishlarga hissa qo‘shib kelmoqda. Mehnat va o‘quv jamoalarida, mahallalarda olimlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Jamg‘arma tashabbusi bilan alloma qadamjolariga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, u haqda kitoblar nashr ettirilmoqda.

– Buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning «Bidoyat ul-muntahiy» («Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim»), «Kitob ul-mazid» («Ilmni ziyoda qiluvchi kitob»), «Manosik ul-haj» («Haj marosimlari»), «Majma un-navozil» («Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami»), «Kitob ul-mashoyix» («Shayxlar haqida kitob») va boshqa ko‘plab asarlari o‘z davrida musulmonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilgan, – deydi Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi Xalqaro jamg‘arma raisi O‘ktamjon Eshonboboyev. – Keyinchalik, 1178 yilda Burhoniddin Marg‘inoniy «Kitob al-Hidoya» («Hidoya» – «To‘g‘ri yo‘l») asarini yaratdi. Buyuk bobomiz asarlarining mohiyati bo‘lmish adolat tuyg‘usi, o‘z davrining huquqiy mezonlari asosida yashash, o‘zganing mol-mulkiga ko‘z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi xalqimizga xos ezgu tushunchalar bugungi kunda ham ma’naviy hayotimiz asoslarini tashkil etadi.

O‘zining beqiyos salohiyati bilan buyuk ilmiy maktab yaratgan, islom huquqshunosligining ulkan namoyandasi Burhoniddin Marg‘inoniyning tabarruk nomini butun musulmon dunyosi yuz yillar davomida e’zozlab kelmoqda. Allomaning Sharq olamida «Burhoniddin va milla», ya’ni «Din va millatning hujjati» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgani ham buni yaqqol isbotlaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida bo‘lib o‘tgan anjumandagi nutqida ham ulug‘ olim va ulamolarimizning ma’naviy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi. Farg‘onadagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi tashkil etish taklifini bildirdi. Ayni paytda bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.

Muxtasar aytganda, ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda ham ma’rifiy dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulki bo‘lib, ushbu bebaho boylik avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi.

  O‘zA