Asosiy menu

Men, domla va Sharof Rashidov o‘rtamizdagi sir

Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Mana shunday shukuhli kunlarda 8-sinfda o‘qiyotganimda bo‘lib o‘tgan bir voqeani tez-tez eslayapman.

...Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Qori-Niyoziy nomli fizika-matematikaga ixtisoslashgan 115-maktab-internatda tahsil olardim o‘sha kezlar. Ko‘p vaqtim maktabimiz kutubxonasida o‘tardi. Bir kuni direktorimiz, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar shoiri Otamirza (Otash) Xolmirzayev tashvishli qiyofada kirib keldi-da, kutubxonachiga Sharof Rashidov asarlarini alohida ajratishni tayinladi va tez-tez yurib chiqib ketdi.

Kitoblar ajratildi. Aynan o‘sha paytda men «Kashmir qo‘shig‘i»ni – ezgulik va muhabbat qissasi, gullar malikasi Nargiz va asalarilar shohi Bambur haqidagi betakror dostonni o‘zgacha qiziqish, cheksiz hayrat bilan o‘qiyotgandim. Shu bois kitobni kutubxonachiga bergim kelmadi. Shu payt direktorimiz qaytib kirdi:

– Sharof Rashidov sharq dostonchiligi bilimdoni. «Kashmir qo‘shig‘i» juda yaxshi asar, – dedi u. – Lekin bu kitobni ham olib ketishimiz kerak. Javdirab turganimni ko‘rib: – Mayli, tezroq o‘qib olgin-da, keyin menga bergin, xo‘pmi, deb qolgan kitoblarni mashinaga yuklashni buyurdi.

Oradan ikki-uch kun o‘tgach, bildik: Sharof Rashidovning hamma kitoblarini kutubxonalardan yig‘ishtirib olib, yo‘q qilishga buyruq berilgan ekan. Shu gapni eshitdim-u, kutubxonaga chopib kirdim, kitoblarni nima qilishganini so‘radim. «Domla olib ketdilar-ku», deyishdi. Har bir so‘zi menga ibrat bo‘lgan ustozim Otamirza Xolmirzayevni kitoblarni yo‘q qilayotgan holda tasavvur etarkanman, juda xafa bo‘lgandim o‘shanda.

«Kitobni o‘qib bo‘ldingmi», deb so‘radilar ustozimiz bir haftalardan so‘ng. Men esa «Kashmir qo‘shig‘i»ni ham yo‘q qilishlarini istamasdim.

– Seni tushunib turibman, kitobni berging kelmayapti. Lekin u menda tursa bexavotirroq bo‘ladi. Qolganlariga qo‘shib yashirib qo‘yamiz.

Bu gapga ishongim kelmay, ko‘zimni pipiratib turaverdim.

– Ha, kitoblarni uyga olib borib, ko‘zdan panaga bekitib qo‘ydim. Hali bu asarlar yana qayta qadr topadigan kunlar keladi. Sharof Rashidov yurtimiz uchun qayg‘urgan. Nima ish qilsa xalqimiz uchun qilgan. Shuni qulog‘ingga quyib ol, xalqini o‘ylaganlar baribir e’zozlanaveradi. Hali yillar o‘tishi bilan bu insonni yanayam ko‘proq taniysan, qanday ishlar qilganini bilasan. Men bunga ishonaman. O‘sha kunlar kelguncha bu kitoblarni yashirishga majburmiz, bolam. Lekin birovga ayta ko‘rma. Bu gap sen, men va Sharof Rashidov o‘rtamizdagi sir bo‘lib qolsin.

O‘shanda ustozning Sharof Rashidovga bo‘lgan ehtiromi menga ham ko‘chganmidi yoki katta sirning mas’uliyatimi, negadir ko‘nglim balandlab ketgan edi.

Keyinchalik universitetda o‘qib, hayotni o‘rganganimda bildimki, Sharof Rashidov nomini qora qilib, amalga oshirgan ishlarini kelgusi avlodlar xotirasidan o‘chirish uchun «katta kuchlar» tomonidan yurtimizda katta harakatlar olib borilgan ekan. Ana shu harakatlar natijasida qancha-qancha odamlar Sharof Rashidov kitoblarining yondirilganiga, yo‘q qilinganiga guvoh bo‘lishgan. O‘sha davr siyosatidan qo‘rqib kitoblarni yerga ko‘mganini, natijada sarg‘ayib, chirib ketganini ayanch bilan so‘zlab berganlar ham bo‘ldi... Ammo taniqli arbobimiz kitoblarini yashirib, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan olimlar, ziyolilar, kutubxonachilar ham oramizda juda ko‘p.

Ustozim, mehnat faxriysi Ota­mirza Xolmirzayev bilan shu haqda suhbatlasharkanmiz:

– Domla, mana siz aytgan kunlar keldi. Mamlakatimizda Sharof Rashidovning 100 yilligi keng nishonlanayapti, – dedim.– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev­ning shu yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorini xalqimiz behad mamnun bo‘lib kutib oldi, – dedi ustozim xursandligini yashirmay. – Qarorga ko‘ra, Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berildi. Jizzax shahrida uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etilib, haykali qad rostladi. Memorial uy-muzeyi tashkil etildi va muzey hududi obodonlashtirildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning «Saylanma» kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli xotira kitobi chop etildi. Kuni kecha televizorda ko‘rdim, uy-muzeyi hududiga Sharof Rashidov faoliyati bilan bog‘liq poyezd vagoni joylashtirilibdi. Arbobimiz respublikamiz hududlaridagi xizmat safarlarida ana shu vagondan foydalangan ekan. Vagon ichidagi anjomlar, Sharof Rashidovning shaxsiy buyumlari, kiyimlari, hatto ish stolidagi ruchka va daftarchasi ham u kishining fidoyiligi, kamtarona turmush tarzi haqida to‘liq tasavvur beradi. Sharof Rashidov mana shunday ehtiromga munosib inson edi. Mana ko‘rdingizmi, Ona yurt va xalq uchun fidoyilik bilan qilingan hech bir mehnat beiz ketmaydi.

Shuningdek u nafaqat davlat arbobi, juda yaxshi adib ham edi. Ayrim kalta o‘ylaydigan, subutsiz odamlar u kishini o‘sha davr siyosatiga xizmat qilgan, deyishdan ham toyishmadi. Har bir davrning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Sharof Rashidov shunday murakkab davrda ham O‘zbekiston manfaatlarini ustun qo‘ya oldi. Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan keyingi bunyodkorlik ishlari, O‘rta Osiyoda yagona Toshkent Metropoliteni qurilishi, og‘ir va yengil sanoat texnolgoiyalarining O‘zbekistonga olib kirilishi... Bularning bari o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Sharof Rashidov bu yo‘ldagi to‘siqlardan qanday o‘ta olganini o‘sha davrda u bilan birga ishlagan soha vakillari, olimlar, akdemiklar yaxshi bilishadi. Bu voqealar katta-katta risolalar, asarlarga mavzu bo‘lishga arziydi.

– Sharof Rashidovning «Qudratli to‘lqin», «Bo‘rondan kuchli» romanlarini, «Kashmir qo‘shig‘i»ni, pub­litsistikasi, she’rlari... Xullas, besh tomlikka jamlangan hamma asarlarini saqlab kelyapsiz. Yashirincha bo‘lsa ham shogirdlarga o‘qishga beraverdingiz. O‘ylab qolaman, o‘sha davr siyosatidan qo‘rqmaganmisiz?

– Kitoblar faqat yaxshilikka xizmat qiladi. Menimcha, Sharof Rashidov shaxs, siyosiy arbob sifatida yuragiga og‘riq solgan mavzularni, xalqning sodiq farzandi sifatida zamondoshlarining ko‘nglidagi gaplarini romanlariga, dostonlariga ko‘chirgan. Shunday asarlarni yoshlarga o‘qitmaslik mumkinmi axir? Kitoblarni bir necha yil panada, boshqalarga ko‘rsatmay saqladim. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Sharof Rashidov nomini to‘la oqladilar. 75 yillik yubileyi keng nishonlandi. O‘shanda ularni olib ko‘zga ko‘rinarli joyga terib qo‘ydim.

Xalqimizda odamlar o‘tadi, davru davronlar o‘tadi, ammo insondan yaxshi so‘z, yaxshi ish qoladi, degan gap bor. Sharof Rashidov asarlarini yo‘q qilishga uringanlar niyatiga yeta olmadi. Uning so‘zlari asarlaridan ohanglarga ko‘chdi. Ohanglar orqali xalq qalbiga oqib kirdi.

Oftob, Oftob, qaydasan Oftob?
Qani Nargiz, qani u mohtob?
Qani o‘zing yoygan poyondoz?
Oftob, oftob, axir ber javob!
Azobimga tezroq chora qil,
Yovuzlarning yuzin qora qil!
Nargizimni ko‘rsat, avayla,
Bulutlarni pora-pora qil!
Nargiz, Nargiz sevgim yo‘ldoshi!
Hayotimning avvali boshi!
Ovoz bergil, ovoz, qaydasan?
Nargiz, Nargiz baxtim quyoshi...

Necha avlodlar qalbida yashab kelayotgan bu nolalar «Kashmir qo‘shig‘i»dan olinganini, Bamburning qalb iztirob­lari ekanini ko‘pchilik yaxshi biladi.

«Yor-yor» filmida yangraydigan, «Dugonalar», «Chinor ostidagi duel» filmidagi «Yor kelur«, radio to‘lqinlarida tez-tez yangraydigan «Lola gullar shohidur» kabi qo‘shiqlar ham keksa-yu yoshga birdek yod bo‘lib ketgan, desak mubolag‘a emas.

El bolasi bo‘l, bolam, degan gap bejizga aytilmagan. El-yurt tashvishida qayg‘urganlar kam bo‘lmaydi. Yillar o‘taveradi, avlodlar almashaveradi, ammo bunday insonlarning nomi, qilgan ishlari, aytgan so‘zlari o‘sib kelayotgan yoshlar uchun yo‘lchi yulduzga aylanadi, qalblardan o‘chmaydi.

Hamroxon Musurmonova

O‘zA