Asosiy menu

“Tarlan” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida iste’dodli yozuvchi va tarjimon Tog‘ay Murodning rus tiliga tarjima qilingan "Tarlan" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Moskvadagi "RIPOL klassik" nashriyotida chop etilgan mazkur kitob taqdimotida shoir Vafo Fayzullo, filologiya fanlari nomzodi Abdulla Ulug‘ov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xorijiy mamlakatlar bilan aloqa qilish bo‘limi boshlig‘i A.Alimbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sh.Qurbon hamda tarjima mualliflari Vadim Murodxonov va Suhbat Aflotuniylar ishtirok etdilar.

adbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti muharriri J.Jovliev tadbir qatnashchilarini qutladi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilayotgan tadbirlar mohiyati bilan tanishtirdi, ularning yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek u yozuvchi Tog‘ay Murod ijodiy faoliyatiga alohida to‘xtaldi. «Tog‘ay Murodning asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan va nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Mazkur «Tarlan» kitobidan Tog‘ay Murodning «Tarlan/Ot kishnagan oqshomlar» (Vadim Muratxanov va German Vlasovlar tarjimasi) hamda «Oydinda yurgan odamlar/Lyudi, iduщie v lunnom svete» (Suhbat Aflotuniy tarjimasi) asarlari o‘rin olgan», - dedi J.Jovliev.

Tarjima jarayoni haqida so‘zlar ekan, shoir va tarjimon Vadim Murodxonov dedi: «Tog‘ay Murod - qimmatbaho toshlar hazinasi, jon ato etilgan milliy naqsh kabidir. Bu - asarlari yevropa tillariga tarjima qilingan o‘zbek nasrining zabardast vakili, o‘zida fantastika va reallikni, hajv va fojeani mujassam etgan qadimiy O‘rta Osiyo dostonchiligini yangilagan adib. Bu - Shukshin, Aytmatov va Dumbadzelarni yodga solish barobarida mutlaqo o‘ziga xos  nasriy asarlar yaratgan adibdir. Tog‘ay Murod asarlarida shunchaki qahramonlar yo‘q. Har birining o‘z roli, o‘z tili va ichki dunyosi bor. Tog‘ay Murod  hammaning qalbiga birday kirib bormaydigan nosir. Uning asarlarini tarjima qilish ham mushkul, ham zavqli. Bu - ichki nazm nafasiga yo‘g‘rilgan nasr, nokitobiy, jonli folklor nurida bitilgan realistik maktub, nozik psixologiya, yorqin bo‘yoqlar bilan tasvirlangan obrazlar yig‘indisidir».

Tarjimon Yevgeniy Abdullaev Tog‘ay Murodning asarlaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va «Oydinda yurgan odamlar»  qissasining rus tiliga tarjima qilinishida kechirgan xissiyotlarini ta’rifladi. «Tog‘ay Murodning nafaqat asarlarining tili, balki nomlarini xam tarjima qilish mushkul. Buning uchun u kabi dunyoqarash va fikrlash doirasiga ega bo‘lish kerak», - dedi Yevgeniy Abdullaev.
Tadbirda shuningdek o‘zbek va rus shoirlari o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdilar.