Asosiy menu

Folklorshunos olim, akademik Tura Mirzaev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xalqimizning milliy bayrami - Navro‘z ayyomi munosabati bilan «Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!» shiori ostida badiiy, madaniy-ma’rifiy turkum tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Turkum tadbirlar doirasida folklorshunos olim, akademik Tura Mirzaev bilan «Biz Navro‘zni o‘rganamiz» deb nomlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tilshunos olimlar, adabiyotshunoslar va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitobxonlari ishtirok etdilar.

«Biz Navro‘zni o‘rganamiz» deb nomlangan ijodiy uchrashuvni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti muharriri J.Jovliev kutubxona mehmonlarini bahor, yosharish, yangilanish va nafosat bayrami Navro‘zi ayyom bilan qutladi va yoshlarni ma’naviy kamolotida kitoblar va kutubxonalarning rolini alohida e’tirof etdi. «Navro‘z o‘lkamiz bo‘ylab kezmoqda, barchaning yuzida bahoriy kayfiyat, milliy taomlarimiz dasturxonlarni bezamoqda, doshqozonlarda sumalaklar qaynamoqda, bobo dehqonlar chigit ekish taraddudida», dedi u va bahor ayyomiga atalgan she’rlar o‘qib berdi.

Tadbirda folklorshunos olim, akademik Tura Mirzaev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent J.Eshonqulov va falsafa fanlari nomzodi J.Karimovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ular  Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘rikenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otuvchi haqiqiy sharqona bayram sifatida nishonlanishi haqida so‘zladilar. «Navro‘z bayrami juda qadimiy bayram sanaladi. Tarixchilarning fikricha, bu bayramning tarixi qariyb 3 ming yildan ziyod. Navro‘z asosan bahoriy tengkunlikda nishonlanadi. Navro‘z - tabiat uyg‘onishi ramzi, yangilanish, yasharish fasli, bu kunda qayta tiklanib, yangicha tus olgan xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analarimiz, turfa marosimlar o‘tkaziladi. Shu tariqa milliy meroslarimiz avlodlar qalbiga singib boradi. Mustaqillik yillarida Navro‘z ayyomi umumxalq bayrami sifatida tan olindi. 2009 yilda Navro‘z bayrami YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21 mart kunini Xalqaro Navruz kuni deb e’lon qildi va barcha mamlakatlarni mazkur qadimiy bayramni dunyoda keng tarag‘ib etishga chaqirdi» - dedi akademik To‘ra Mirzaev.

Savol-javob tariqasida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirokchilari yosharish va yangilanish bayrami – Navro‘zi olam haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar va tadbir tashqilotchilariga o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar.