Asosiy menu

Sermahsul ijodkor

Poytaxtimizdagi «Sharq ziyokori» kitob do‘konida shoir va dramaturg Haydar Muhammadaliyev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Zamondosh adibimizning asarlari kattalar va bolalar qalbidan birdek joy egallagan. Adabiyotga dastlab shoir sifatida kirib kelgan iste’dodli dramaturg ko‘plab hajviy asarlari, tarjimonlik ishlari bilan ham kitobxonlarga yaxshi tanish.

Haydar Muhammad 1936-yilda Toshkentda tavallud topgan. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida muharrir, hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida adabiy emakdosh va madaniyat muassasalarida mas’uliyatli lavozimlarda xizmat qilgan.

Adibning «Olchamning tug‘ilgan kuni», «Yo‘llaringga mushtoqman», «Ipak gilamlar», «Hazilkash shoh» kabi she’riy va dramatik to‘plamlari kitobxonlar uchun juda sevimli.

Qo‘shiq janridagi asarlaridan «Dilbarimsan», «Xatlarim yetmasmikan», «Yozgan xating qo‘limda», «Sevgi bahori», «Nozik savol», «Tomchilar» kabi qo‘shiqlari ko‘p yillardan beri ijro etib kelinadi.

«Do‘stlik» ordeni sohibi H.Muhammadaliyevning Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostoni asosida yozilgan hamda Boburning aql-zakovati, jur’at va jasoratini aks ettiruvchi «Bobur umrining bir dovoni» tarixiy dramalari nafaqat tarixiyligi bilan qadrli, balki, o‘ziga xos uslubga egaligi bilan ham ahamiyatli.

Tadbir davomida shoirning shogirdlari tomonidan she’riy namunalar o‘qildi.