Asosiy menu

“Yosh kitobxon” tanlovi davomli ravishda o`tkaziladi

Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish maqsadida yoshlar o`rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar berdi.

Qarorga muvofiq «Yosh kitobxon» tanlovi endilikda Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqiladigan nizom asosida davomli ravishda o`tkaziladi.

Nizomda:

- alohida nominasiyalar bo`yicha tanlovlar tashkil etish;

- 2018 yilgi tanlovlarni Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy, Berdaq singari mutafakkirlar ijodi va faoliyati, jahon adabiyotining durdona asarlari, shuningdek, «Alpomish», «Go`ro`g`li», «Kuntug`mish» kabi xalq dostonlari bo`yicha o`tkazish;

- keyingi tanlovlarni davrlashtirgan holda davom ettirish uchun tegishli ro`yxatlarni shakllantirish;

- tanlov g`oliblarini mukofotlash va rag`batlantirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, xususan, respublika bosqichida birinchi o`rinni egallagan qatnashchilarni engil avtomobillar bilan taqdirlash, ikkinchi va uchinchi o`rin sohiblari va faol ishtirokchilarni ham munosib rag`batlantirish choralari nazarda tutiladi.