Asosiy menu

“Qardoshlik rishtalari” – o‘zbek-qozoq ijodkorlari to‘plami chop etildi

«Namangan» nashriyoti tomonidan tayyorlangan va «Vodiy poligraf» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosmaxonasida chop etilgan «Qardoshlik rishtalari» nomli yangi to‘plam kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning 2017 yil 16-17 sentyabr kunlari mamlakatimizga va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahriga rasmiy tashrifi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali do‘stona munosabatlarni yangi bosqichda rivojlantirish istiqbolini kengaytirdi. 

Savdo-sotiq va boshqa sohalardagi hamkorlik bilan birga madaniyaloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ikki qardosh xalq o‘rtasidagi asriy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir. Bu Qozog‘istonda «O‘zbekiston yili» e’lon qilinishi, O‘zbekistonda Prezidentimiz qarori bilan nafaqat qozoq xalqi, balki, turkiy xalqlarning buyuk ma’rifatparvar shoiri va mutafakkiri, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning boy ijodiy merosini keng o‘rganish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda ham yorqin ifodasini topmoqda. 

«Qardoshlik rishtalari» kitobining chop etilishi Namangan viloyati hokimligi va adabiy jamoatchiligi hamkorligida o‘zbek va qozoq xalqi ijodkorlarini bir-biriga yaqinlashtirish yo‘lidagi qadamlardan biri bo‘ldi. 

– Shu yil Navro‘z bayrami arafasida Janubiy Qozog‘iston viloyatining «Iste’dod» adabiy birlashmasi a’zolaridan bir guruhi viloyatimizda ijodiy safarda bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi mas’ul kotibi, shoir Jamoliddin Muslim. – Mehmonlar shahar va tumanlarda uchrashuv va mushoiralar o‘tkazdi. «Qardoshlik rishtalari» kitobiga ana shu ijodiy davralarda o‘qilgan she’rlar, ulardan olingan taassurotlar aks etgan maqolalar jamlandi. 

Kitob Prezidentimizning «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida» gi qarori va Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklari hamjamiyatining «Do‘stlik» assotsiatsiyasi va Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi Janubiy Qozog‘iston bo‘limining raisi Ikromjon Hoshimjonov so‘zboshisi bilan boshlanadi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlangan to‘plamdan O‘rmon Sobir, Avaz Qo‘zi, Hurbuvi Odilova, Abdulla Jalil, Jamoliddin Muslim, Boqiy Mirzo, Dilbar Haydarova kabi o‘nlab namanganlik va qozog‘istonlik shoir va adiblarning ijod namunalari joy olgan.
 

Akramjon Sattorov, O‘zA