"O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti

      Ko‘p jildli O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, soha ensiklopediyalari, izohli va ko‘p tilli lug‘atlar, ma’lumotnomalar tayyorlash va nashr etishga ixtisoslashgan ilmiy-ma’rifiy muassasa. Dastlab O‘zbekiston hukumatining "O‘zbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasini tashkil etish haqida"gi qarori (1968-yil 18-yanvar) bilan Toshkentda O‘zbekiston FA tarikibida (O‘zbekiston FA Til va adabiyot institutining 1965-yil tuzilgan ensiklopediya bo‘limi negizida) O‘zbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1990-yildan 1997-yilga qadar "Qomuslar Bosh tahririyati" deb yuritilgan.
 
  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 154-sonli qarori bilan "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyotiga aylantirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi qarori asosida nashriyotga Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti qo‘shilishi munosabati bilan qayta tashkil etilgan. Muassis O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi.
 
     Nashriyotning asosiy faoliyati jamiyat hayotining barcha sohalari bo‘yicha ensiklopedik nashrlar, lug‘atlar, ma’lumotnomalar, o‘zbek xalqining tarixiy, madaniy merosi, qadriyatlari, tibbiyoti, sport va boshqa nashrlarga bo‘lgan aholi ehtiyojini qondirishdan iborat.
 
    Nashriyotda 2007-yil 1-yanvarga 6 ta ilmiy tahririyat: Ilmiy-uslubiyat va so‘zlik; Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar; Tabiiy fanlar; Tibbiyot; Adabiyot va san’at; Tarix va qadriyatlar; tahririyatlari hamda Ishlab chiqarish, Buxgalteriya va iqtisodiy tahlil bo‘limlari bor. Nashriyotga ilmiy-metodik rahbarlikni jamoatchilik asosida ishlaydigan Bosh tahrir hay’ati (universal ensiklopediyaga) amalga oshiradi. Uning tarkibiga yirik olimlar, jamoat arboblari, nashriyot rahbarlari kirgan. Bosh tahrir hay’ati O‘zMEning g‘oyaviy, ilmiy, tahririy va badiiy darajasini oshirishda, maqolalar mezonini belgilashda, so‘zliklarni tasdiqlash, murakkab va munozarali masalalarni hal etishda qatnashadi, har bir jild materiallarini nashrga tavsiya etadi.
 
     Nashriyot ilmiy tahririyatlari huzurida fan sohalari bo‘yicha ilmiy-maslahat kengashlari ham tuzilgan. Ularning a’zolari Bosh tahrir hay’ati a’zolari rahbarligida ishlaydi hamda muayyan sohaning so‘zligi va maqolalarini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi.
 
   Nashriyot o‘tgan davr mobaynida 100 dan ortiq nomda turli ensiklopediya va fan sohalari bo‘yicha izohli lug‘atlar, ma’lumotnomalar, lug‘atlar, ommabop kitoblar nashr etdi. Bular orasida "O‘zbekiston Respublikasi", "Toshkent" (rus va o‘zbek tillarida), "Paxtachilik" (2 jildli, rus tilida), "Uy-ro‘zg‘or", "Salomatlik" ensiklopediyalari, "Ruscha-o‘zbekcha lug‘at" (2 jild), "O‘zbekcha-ruscha lug‘at", "Hadis" (1–4-jildlar; 4 marta nashr etildi), "Yosh fizik ensiklopedik lug‘at", "Yosh matematik ensiklopedik lug‘at", "yosh ximik ensiklopedik lug‘at", "Ensiklopedik lug‘at" (2 jild), "Bolalar ensiklopediyasi" (3 marta nashr etildi), "Xotin-qizlar ensiklopediyasi" (3 marta nashr etildi), "Ish yuritish" (2 marta nashr etildi), "Islom ensiklopediyasi", "O‘zbekiston Respublikasi" (rus, o‘zbek va ingliz tillarida), "O‘zbek ismlari izohli lug‘ati", "Neft va gaz bo‘yicha ensiklopedik izohli lug‘at", "Fizikadan izohli lug‘at", "Tilshunoslik terminlari izohli lug‘ati", "Ruscha-o‘zbekcha-xitoycha so‘zlagich", "O‘zbekcha-arabcha lug‘at", "Ma’nolar mahzani" (o‘zbek xalq maqollarining izohi) va b. adabiyotlar, o‘rta maktab, kasb-hunar kollejlari, tibbiyot maktablari uchun darsliklar bor.
 
    Nashriyot 2000—2006-yillarda 12 jildlik O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi nashrini yakunladi. O‘zMEning 1—11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabog‘ini tashkil etgan qaryib 50 ming maqola berildi. O‘zME har bir jildida 800—1200 atrofida rangli va oq-qora suratlar, xaritalar o‘rin oldi. 5 mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashdi. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining 12-jildi maqolalari faqat O‘zbekistonga tegishlidir.
 
Direktor: Odilov Mirakbar   
Tel.: (99871) 244-34-38
 
Manzil: Toshkent, 100129, Navoiy, 30. 
Tel.: 244-34-38, 244-08-49
Faks: 244-24-91
e-mail: uzme@ensiklopediya.uz
 
4609
Manba api.uz