Asosiy menu

Nizom

O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
2004 yil 11 iyundagi
274-son qaroriga
3-ilova

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi to‘g‘risidagi

N I Z O M


Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda agentlik deb ataladi) ommaviy axborot vositalari, axborotlar almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqarish va amalga oshirish borasidagi vazifalarni hal etish uchun vakolat berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.


Agentlik o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.


2. Agentlik tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi) hamda Agentlikka qarashli boshqa tashkilotlar kiradi.


Hududiy boshqarmalar ikki tomonlama bo‘ysunadilar hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga hisob beradilar.


3. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.


4. Agentlik o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.


5. Agentlikni, uning hududiy boshqarmalarini moddiy-texnik ta'minlash va Agentlik tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash Agentlikka qarashli tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalari hisobiga amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi faoliyati davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

6. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.


7. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqlariga va tegishli qonun hujjatlariga, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlariga so‘zsiz rioya qilinishi monitoringini olib borish;


respublika fuqarolarining axborotlar olishga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘liq qondirish, aholining, eng avvalo, o‘sib kelayotgan avlodning ta'lim, ma'naviy va madaniy darajasini oshirish, ularni milliy mustaqillik g‘oyalari ruhida tarbiyalash maqsadida ommaviy axborot vositalarini, noshirlik ishlarini va matbaachilikni keng rivojlantirishga ko‘maklashish;


noshirlik va matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlarni tarqatish, shu jumladan ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;


nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televidenie, radioeshittirish va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;


noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etish;


mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, ommaviy axborot vositalari uchun axborot bozorida teng shart-sharoitlarni ta'minlash tadbirlarini ishlab chiqish;


noshirlik va matbaachilik faoliyati, davriy nashrlarni tarqatish sohasida yagona texnika siyosatini o‘tkazish;


reklamalar tayyorlash, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;


noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnikaviy bazasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish, standartlash va sertifikatlash sohasida chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.


8. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

matbaachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni, ommaviy axborot vositalarini ro‘ixatdan o‘tkazadi;


noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etadi;


nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televidenie, radio va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini tashkil qiladi;


qonun hujjatlariga, ro‘ixatdan o‘tkazish va litsenziyalash shartnomalariga rioya etilishini nazorat qiladi, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlari muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda esa – ro‘ixatdan o‘tkazish belgilangan tartibda to‘xtatib turadi va to‘xtatadi;


texnik, shuningdek boshqa normativlar va standartlarni ishlab chiqish hamda texnikaviy bazani rivojlantirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish, standartlash va sertifikatlash sohasidagi tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;


Agentlik vakolatiga kiritilgan sohalarda faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa organlarga ko‘maklashadi;


Agentlik vakolatiga kiruvchi tarmoqlarni rivojlantirish prognozlari va dasturlarini ishlab chiqadi;


Agentlik faoliyatiga taalluqli iqtisodiy, ijtimoiy, texnikaviy, huquqiy muammolarni tahlil qiladi hamda ularni hal etish, shu jumladan takliflar, tegishli qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;


Agentlik tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi va ular faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning moddiy-texnikaviy ta'minotiga ko‘maklashadi;


Matbuot va axborot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi, xalqaro tashkilotlarning Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha ishlarida qatnashadi.



9. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat organlaridan va boshqa organlar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslardan zarur axborotlar, hujjatlar va materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda so‘rab olish;


qonun loyihalarini tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, tadqiqot ishlarini amalga oshirish va konsultatsiyalar uchun ilmiy tashkilotlarni, davlat organlari xodimlarini, mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish, vaqtinchalik ijodiy jamoalar tashkil qilish;


o‘z vakolati doirasida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, matbuot va axborot sohasidagi qonunchilikni buzayotgan davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar (taqdimnomalar) berish.


Agentlik O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

10. Agentlik o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar chiqarishga haqlidir.


Agentlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birga qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilishga haqlidir.


11. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.


12. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining ommaviy axborot vositalarini senzura qilishi, materiallarni tahrir qilishi va ommavi yaxborot vositalari faoliyatiga boshqa har qanday shaklda noqonuniy aralashishi qat’iyan taqiqlanadi.



13. Agentlikka qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor boshchilik qiladi.


Bosh direktorning bir o‘rinbosari bo'ladi.


Bosh direktor maqomiga ko‘ra vazirga, Bosh direktor o‘rinbosarlari – vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.


14. Bosh direktor:

Agentlik faoliyatiga yakkaboshchilik asosida rahbarlik qiladi va Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.


Agentlikning markaziy apparati xodimlarini va xududiy boshqarmalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

Bosh direktorning vazifalarni taqsimlaydi;


Agentlikning mansabdor shaxslari, hududiy boshqarmalar, Agentlik tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi, shuningdek ularning bajarilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi;


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan xodimlarning soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi va shtat jadvalini, matbuot va axborot hududiy boshqarmalari xodimlari sonini, shuningdek mablag‘ ajratishning tegishli davri uchun davlat byudjetida tasdiqlangan doirada ularning ta'minoti xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;


Agentlikning tarkibiy va hududiy boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlarni, Agentlikka qarashli tashkilotlarning nizomlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

 

Bosh direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

15. Agentlikda tarkibiga Bosh direktor (hai'at raisi) va Bosh direktorning o‘rinbosari (lavozimiga ko‘ra), ommaviy axborot vositalari va ommaviy kommunikatsiyalar, matbuot, nashriyotlar va matbaa sohasidagi boshqa rahbar xodimlar, shuningdek Bosh direktorning tavsiyasi bo‘yicha boshqa shaxslar kiradigan 7 kishidan iborat hay'at tashkil etiladi.


Hay'at shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hay'at Agentlik faoliyatini progozlash bilan bog‘liq asosiy masalalarni ko‘rib chiqadi.


Hay'at qarorlari, qoidaga ko‘ra, Bosh direktor buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor bilan Hay'at a'zolari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda Bosh direktor uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hay'at a'zolari ham o‘z fikrini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma'lum qilishlari mumkin.


16. Hududiy boshqarmalar o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.


Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan Bosh direktor tomonidan tayinlanadi.


17. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligini tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.