Poyabzal tozalovchi bolakay

Ertalab soat oltilar atrofida aeroportda ikki do‘stim bilan parvoz e’lon qilinishini kutayotgan edik. Chamasi yetti yashar bolakay yonimizga kelib: “Oyoq kiyim tozalatmaysizmi?” — deb so‘radi.

Aslida bunga hojat bo‘lmasa-da, ammo bolakayga achinganimdan: “Ha”, — dedim. U chaqqonlik bilan bir juft shippakni oyoqlarim oldiga qo‘ydi va tuflimni yechdi. So‘ngra uni diqqat bilan ko‘zdan kechirib, tozalaydigan qutisini ehtiyotkorlik bilan ochdi. Tuflining bog‘ichlari kir bo‘lmasligi uchun yechib qo‘ydi va ishga kirishdi. Bolakay o‘z ishining hadisini olgan etik tozalovchi kabi yengil harakat qilardi. Tuflilarni oxirigacha moylab bo‘lgach, cho‘tka bilan sayqal berishni boshladi. Tuflim yaltirardi. Oxirida yana bir latta olib, rosa ishqaladi: “Xotirjam bo‘ling, paypog‘ingiz ham, shimingiz ham moy bo‘lmaydi”, — dedi menga qarab.

Bu yoshdagi bola erta tongdan shunchalik terga botishiga hayron bo‘lib qoldim. U ishini tugatib, tuflining bog‘ichlarini o‘tkazib, oyog‘im oldiga qo‘ydi. Tuflimni kiyib, bog‘ichlarini bog‘ladim. U ham narsalarini yig‘ishtirib, odob bilan o‘rnidan turdi.

— Qancha beray? — dedim.

— Bugun siz mening birinchi mijozimsiz, qancha bersangiz ham, Xudo barakasini bersin! — dedi bolakay.

Men yana qaytardim:

— Aytaver, qancha bo‘ladi?

— Birinchi mijozlarimga hech qachon narx belgilamaganman.

— Qancha bersam ham, qabul qilasanmi? — dedim.

— Bosh ustiga! — dedi u.

Bolakayni sinab ko‘rish fik­ri xayolimga keldi. Cho‘ntagimdan bitta 500 tumanlik chiqardim-da, qo‘liga tutqazdim. Bu pulni ko‘rishi bilan e’tiroz bildirishiga shubham yo‘q edi, lekin o‘sha oqilona ishim bilan unga qancha bersangiz ham olaveraman demasligini uqtirib qo‘ymoqchi edim. Bola pulni peshonasiga tekkizdi va cho‘ntagiga soldi. Tashakkur aytib, sumkasini qo‘liga oldi-da, ketishga taraddudlandi. Cho‘ntakdan darhol 10 ming tumanlik qog‘oz pul chiqarib, unga uzatdim. Bola boshini ko‘tarib, men tomonga o‘girildi va nigohini tik qadab:

— Qancha bersangiz ham mayli dedim-ku! — dedi.

— Ha bilaman, lekin seni sinamoqchi edim, — dedim uzrli ohangda.

Bola muruvvatli nigohini menga qaratdi. Men esa, uning o‘sha o‘tkir qarashi ostida ezildim.

— Siz? Siz meni imtihon qilmoqchimisiz?!

U “siz” so‘zini shunday qattiq aytdiki, ichimdan zil ketdim. Bolakay yuzini o‘girdi-yu, keta boshladi. Ko‘proq olishini har qancha talab qilsam ham qabul qilmadi. Oxiri do‘stlarim o‘rtaga tushgandan keyingina pulni oldi. Ortidan qarab qoldim: tik qomati, baquvvat qo‘llari, keng yelkalari, shahdam qadamlari va mustahkam irodasi bilan katta odamga o‘xshardi. Bola saxovat va himmati bilan menga saboq bergan edi. Do‘stlarim oldida, o‘sha yigit oldida, o‘zim, asosiysi, Alloh oldida uyalib qolgan edim.

Fors tilidan Vasila JABBOROVA tarjimasi.

yoshlarovozi.uz

1 1245
Manba api.uz