Moskvada Xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi o‘tkazilmoqda

2018 yilning 5 sentyabr kuni Moskva shahridagi VDNXda XXXI Xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ortiq davlatlarning  nashriyot va bosmaxonalari ishtirok etdi.

Ko‘rgazma-yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasidan Matbuot va axborot agentligi hamda yirik nashriyot-matbaa korxona vakillari ham qatnashdilar.

Shu kunning o‘zida barcha korxonalarimiz  xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirdilar jumladan, «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Rossiyaning «Olma» nashriyot markazi hamda Yelena Shubina tahririyati bilan, shuningdek Xitoyning «BIBF» nashriyot korporatsiyasi bilan ularda nashr etilgan xorij adabiyotlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr etish hamda milliy adabiyotlarimizni ularda tarjima qilib chet tilida nashr etish yuzasidan muloqot olib bordi.

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Rossiyaning «Binom» hamda «Russkoye slovo» nashriyotlari bilan bolalar uchun mo‘ljallangan rus tilidagi sinfdan tashqari o‘qitiladigan adabiyotlarning original-maketlarini sotib olish  bo‘yicha muzokara olib bordi.

Shu kunning o‘zida ko‘rgazma-yarmarkasi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan «Yil kitobi» konkursi o‘tkazildi. Mazkur konkurs bu yil yigirmanchi marta o‘tkazilib, unda 120 ta nashriyotning 500 nomdan ziyod kitoblari tanlovga qo‘yildi. Konkursda 11 nomdagi nominatsiyalar bo‘yicha asar mualliflari va uni nashr etgan nashriyotlar g‘olib deb topildi.

Asosiy nominatsiya bo‘lmish «Yil kitobi» nominatsiyasida «Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya» nashriyotida tayyorlangan 35 tomli «Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya» nomli kitobi g‘olib deb topildi va bosh sovrin — «Gran pri»ni qo‘lga kiritdi.

Ko‘rgazma-yarmarka 9 sentyabrga qadar davom etadi.

1 453
Manba api.uz