Besh haftada yozilgan “Lissabondagi tun” “Frankfurt Buchmesse”da

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi joriy yilning 10 oktyabr kuni oʻz ishini boshlagan Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahridagi “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasida ishtirok etmoqda.

Agentlik tizimidagi “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa-ijodiy uyi tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib, oʻzbek kitobxonlariga yaqindagina havola etilgan atoqli nemis adibi, urush olovini kechib, millionlar yostigʻini quritgan muhoraba haqida asar bitgan uch yozuvchilardan biri Erix Mariya Remarkning “Lissabondagi tun” romani ham koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilonida taqdim etilmoqda. Ayni paytda mazkur kitob oʻquvchilar koʻnglidan joy olmoqda.

Qizigʻi shundaki, asar qahramoni singari muallifning ham hayoti turli ziddiyatlar va mashaqqatlarga toʻla boʻlgan...

1929 yili urush mavzusidagi uchta asar dunyo yuzini koʻradiki, asar mualliflari tom maʼnoda oʻzlariga haykal qoʻyadilar. Bular AQSHdan Ernest Xeminguey — “Alvido, qurol!”, Angliyadan Richard Oldington — “Qahramonning oʻlimi”, Germaniyadan Erix Mariya Remark — “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” edi. Bu uchala yozuvchi ham urushning “maza”sini tatib koʻrgan, uning talafotlari,dahshatiyu vahshatidan aziyat chekkandilar. Xususan, “Uch ogʻayni” va “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romanlari bilan oʻzbek adabiyot ixlosmandlari mehrini qozongan Erix Mariya Remark.

1898 yili 22 iyunda Osnabryukning bir burchidagi faqir oilada dunyoga kelgan Erix Mariya Remark bolaligidanoq adabiyot, falsafa va sanʼat bilan qiziqa boshlaydi, adabiy-falsafiy toʻgarakka qatnashadi, jurnalistika sohasiga qoʻl uradi. Hatto musiqa bilan ham shugʻullanadi.

Barcha asarlarida urush mavzusini qalamga olgan Erix Mariya Remark urush nima ekanligini birovlardan eshitib bilgan emas: maktabni bitirar chogʻidayoq Erik koʻngilli boʻlib urushga otlanadi. Birinchi jahon urushi pallasida Erix gʻarbiy frontda jang olib boradi. Qoʻl-oyogʻi, boʻynidan qattiq jarohat oladi, hatto bir safar ogʻir yarador doʻstini janggohdan harbiy shifoxonagacha yelkasida koʻtarib boradi. Erix 50 kun frontda boʻldi, shunday esa-da, mana shu dahshatli kunlar yigitchaga bir umrga tatigulik boʻlib qoldi.

1928 yili “Fossishe saytung” nomli nemis roʻznomasining adadi birdaniga bir necha ming nusxaga koʻtariladi. Buning boisi gazeta sahifalarida oʻsha paytlarda adabiyot ahliga nomaʼlum Erix Mariya Remarkning “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romani chop etila boshlaydi. Hali urush asoratlari arib ulgurmagan jamiyatda oʻzlari kabi navqironlarga oʻq uzishga majbur boʻlgan “yoʻqotilgan” yosh avlod fojiasi bor boʻyicha koʻrsatilgan asarni odamlar yutoqib oʻqishadi. Asarda yozilishicha, millionlab kishilar urushda juvonmarg boʻlib ketayapti-yu, gazetalarda esa birgina jumla: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq!”. Gʻalati-da, necha-necha million kishilar qon yutib, qon toʻkishadi-yu, nahotki hech qanday oʻzgarish boʻlmasa?!

Roman bir nafasda, yaʼni besh haftada yozilgandi. Bir yildan soʻng roman alohida kitob holida chiqib, ellikdan ortiq tillarga tarjima qilinadi.

Agar yosh adibning hayotida oʻsha mashʼum ellik kunlik front boʻlmaganida Erix Mariya Remark oʻz asari qahramonlarining ruhiyati, tiynatini aniq-tiniq tasvirlab berolmasdi. Qanchalik gʻalati tuyulmasin, urush Remarkka ilhom bagʻishlagandi, urush tufayli yozuvchi “yoʻqotilgan avlod” kechinmalari-yu, his-tuygʻularining bilimdoniga aylandi.

“Gʻarbiy front...”ning mantiqiy davomi — “Qaytish” Erix Mariya Remarkning qalami oʻtkir yozuvchi ekanligini yana bir bor isbotladi.

1933 yili Gitlerning hukumat tepasiga kelishidan bir necha kun ilgari tamaddixonada oʻtirgan Erix Mariya Remarkka yaqin doʻstlaridan biri bir parcha qogʻoz uzatadi: “Darhol bu yerlarni tark et!” Gap nimadaligini tushungan Erix mashinasiga oʻtirib, Shveysariyaga joʻnaydi. Gitler hukumat tepasiga chiqqach, natsistlar Berlinda yozuvchining kitoblarini ommaviy ravishda yoqib yuborishadi, Remarkni esa Germaniya fuqaroligidan mahrum etishadi. Bundan ikki yil avval esa Shvetsiya Akademiyasi aʼzolari tomonidan Erix Mariya Remarkka adabiyot sohasida Nobel mukofoti topshirilishi haqidagi fikr oʻrtaga tashlangandi. Biroq natsistlar “sharofati” bilan bu gʻoya amalga oshmaydi.

Adib Shveysariyada oʻzining durdona asari —“Uch ogʻayni”ni yaratadi. Roman chin muhabbat, haqiqiy doʻstlik haqida. Asar voqealari birinchi jahon urushidan oʻn yildan soʻng kechadi, ammo urush yuho misol hamon qurbonlik talab qilaveradi — uch ogʻaynining haloskor farishtasiga aylangan Patritsiya Xolman garchi front okoplarida boʻlmagan esa-da urush yillarida toʻyib ovqatlanmaganligi sabab bedavo xastalikka chalinadi va asar soʻnggida bosh qahramon Robert Lokamp “Patdan bir umrga ayriladi”.

Keyinchalik Remark muhojirlik mavzusidagi romanlar yoza boshlaydi. 40-yil avvalida “Oʻz yaqiningni sev” yozilgan boʻlsa, soʻng “Zafar darvozasi” yaratiladi.

Saidjalol Saidmurodov,

OʻzMAA “Oʻzbekiston” NMIU matbuot kotibi

1 146
Manba api.uz