Islandiyada ming kishiga 796 gazeta toʻgʻri keladi, bizda-chi?

2018 yil 11 oktyabr kuni “Doʻrmon“ ijod uyida Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda “Hududiy ommaviy axborot vositalarining holatini yaxshilash boʻyicha taklif va tavsiyalar” mavzusida oʻquv-seminari oʻtkazildi.

Oʻquv-seminarida Toshkent viloyatida faoliyat yuritadigan gazeta, jurnal, televideniye, radio, veb-saytlar tahririyatlari ijodiy xodimlari ishtirok etdi.

– Soʻnggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda boʻlganida ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biz buni qabul qilinayotgan sohaga oid mukammal qonun hujjatlarida, shuningdek, OAVning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarda koʻrishimiz mumkin, – deydi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari S.Shukurov. – Bu kabi oʻquv-seminarlari respublikamizning barcha hududlarida tashkil etib kelinmoqda. Maqsad – tuman nashrlari faoliyatida mavjud muammolarni oʻrganish, hamkorlikda ularni hal etish yoʻllarini topishdir. Eng asosiysi, tadbir oddiy tadbirligicha qolib ketmasligi kerak. Yaʼni uning yakuniga koʻra, viloyat, tuman va shahar tahririyatlarida ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilishi zarur.

Tashkil etilgan muloqotda mamlakatimizda soʻnggi yillarda ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, sohani rivojlantirishga doir qator qonun hujjatlari qabul qilingani taʼkidlandi. Ayni paytda sohada obuna, moddiy-texnik baza va kadrlar bilan bogʻliq jiddiy muammolar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Amaliy mashgʻulotda Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari N.Toshpoʻlatova hamda B.Alimovlarning “Hududiy bosma nashrlarning bugungi holati: menejment va marketing yoʻnalishlaridagi muammolar va ularni yaxshilash boʻyicha takliflar”, “Hududiy nashrlarda axborot tayyorlash – kontent masalasi”, “Jurnalist tekshiruvini olib borish bosqichlari va tamoyillari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun maʼruzachilar tomonidan interfaol oʻyinlar oʻtkazildi.

Seminar yakunida tahririyatlarni iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, gazetalarni mazmunan boyitish, saviyasi va oʻqishliligini oshirish, jurnalistlarning kasb malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda 665 gazeta oʻrtacha 4 million nusxada chop etilishini inobatga olsak, bosma nashrlarning oʻquvchilarni qamrab olish darajasi ancha past ekani oydinlashadi. Oʻz navbatida, ushbu holat bosma nashrlar, ayniqsa, tuman va shahar gazetalari uchun iqtisodiy jihatdan murakkab vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Internet taraqqiy etgan ayni axborot zamonida bu koʻrsatkich Islandiyada har ming nafar aholiga qariyb 796 gazeta toʻgʻri keladi va bu dunyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Bu borada Yaponiya 634 dan ziyod koʻrsatkich bilan ikkinchi oʻrinni egallaydi.Osiyo qitʼasining yana bir vakili – Janubiy Koreyada esa har ming oʻquvchiga qariyb 450 gazeta toʻgʻri keladi. Xoʻsh, Oʻzbekistonda-chi?

Xoʻsh, bir tomondan internet jurnalistika axborot makonini egallayotgan, boshqa tomondan obuna masalasi tobora ogʻirlashib borayotgan mana shunday murakkab sharoitda nima qilish kerak? Gazetalar adadini qanday koʻpaytirish mumkin? Qachonki, gazeta sahifalarida hududlardagi dolzarb, aholini qiynab kelayotgan yoki ular uchun ham manfaatli boʻlgan mavzular ochiq-oydin yoritilsa, mavjud muammolar yuzasidan tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilsa, shu bilan birga, faoliyatga yondashuvni oʻzgartirib, bozor tamoyillaridan kelib chiqqan holda, marketing ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsagina gazetalar adadi ortadi. Bu esa bosma nashrlarning iqtisodiy jihatdan mustaqil boʻlishini taʼminlaydi.

1 150
Manba api.uz