Zamonaviy oʻzbek bolalar yozuvchisining kitobi Frankfurt kitob koʻrgazmasida

Xabar berilganidek, 2018 yil 10 oktyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida anʼanaviy “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasi ochildi. Unda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan bir qator adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy adabiyotlar namoyish etilmoqda.

Chunonchi, zamonaviy oʻzbek bolalar shoiri va yozuvchisi Bahrom Akbarovning “Mitti botir” nomli nasriy asari nemis va jahon kitobxonlariga taqdim etildi. Ushbu kitobda Mitti botir – Boychechakning koʻrsatgan jasorati hamda qahramonliklari aks etgan. “Mitti botir”da garchi oʻsimlik boʻlsa-da, oʻz zamini uchun kurashgan maysa va gullarning mardligi aks etgan voqealar oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Zero, Vatan ozodligi uchun kurashganlar hech qachon unutilmaydi. Ushbu ertak-asar shunisi bilan ahamiyatlidir. Eng asosiysi esa kitobni nemis oʻquvchilari ham bemalol oʻz ona tillarida mutolaa qilishlari mumkin. Negaki asar ustoz tarjimon Xurram Rahimov tomonidan nemis tiliga oʻgirilgan.

Shuningdek, jahonshumul koʻrgazmada nemis shoiri va ulugʻ nemis adibi Gyotening doʻsti hamda kotibi Iohann Peter Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” (nemis tilidan Yanglish Egamova tarjimasi), “Nemis mutafakkirlarining hikmatlari” (mazkur kitob ham oʻzbek va nemis tillarida), Xurram Rahimovning “Oʻzbek sehrli ertaklarining nemischa tipologik katalogi”, Yoʻldosh Muqimovning oʻziga xos tarzda bitilgan “Yoʻl uzoq – koʻngil yaqin. (Baron Myunxgauzen va Xoʻja Nasriddinning yangi sarguzashtlari)”, XX asrning eng yorqin adiblaridan biri Erix Mariya Remarkning “Lissabondagi tun”, nemis faylasufi va psixologi Erix Frommning “Inson qalbi” kitoblari, qolaversa, oʻzbek va rus adabiyotining mumtoz va zamonaviy namunalari ishtirok etmoqda.

Oʻylaymizki, nashriyot-matbaa ijodiy uylarimizda chop etilgan ushbu kitoblar munosib tarzda eʼtirof etilib, dunyo kitobxonlarining koʻnglidan joy oladi.

OʻzMAA “Oʻzbekiston” NMIU Matbuot xizmati

1 146
Manba api.uz