21.02.2012
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi ijtimoiy so‘rovda mamlakatimizda istiqlol yillarida oilani muhim ijtimoiy institut sifatida rivojlantirishning omillari nimalardan iborat, uni mustahkamlashda milliy ma’naviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati qanday, degan savollarga javob olindi.
Ushbu ijtimoiy tahlil oila instituti jamiyatimizda ulkan ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida yuksak ma’naviyatni shakllantirish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridandir. Bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda oila instituti zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Oila bu borada zarur imkoniyatlar va salohiyatga ega.
Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov buni yana bir bor tasdiqladi. So‘rov ishtirokchilari oilani jamiyatning ma’naviy negizi va shaxsni tarbiyalab, voyaga yetkazadigan muhim asos, deb hisoblaydi. Mamlakatimiz fuqarolari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ushbu ijtimoiy institutni mustahkamlash borasida amalga oshirayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholaydi, so‘rov qatnashchilarining 85,2 foizi davlatimiz ularning oilalari haqida yuksak va yetarli darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi.
Ular oilani (80,9 foiz), mahallani (56,5 foiz), ta’lim muassasalarini (49,6 foiz) va ijtimoiy muhitni (45,8 foiz) inson ma’naviyatini shakllantirishning muhim omillari, deb biladi. Mamlakatimizda zamonaviy oila hayotida yoshlarning dunyoqarashi, qadriyatlari va didini shakllantirishga yordam berayotgan madaniyat sohasi muhim o‘rin tutadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, xonadonlarda kutubxonalarning mavjudligi ham yuksak ma’naviyatni shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning ustuvorligi fuqarolarimiz shaxsiy va ijtimoiy ongining muhim jihatlaridandir. Hamyurtlarimiz buyuk ajdodlarimiz, ularning ilmiy va tarixiy merosi, xalqimizning mehmondo‘stligi va mehnatsevarligi bilan faxrlanadi. So‘ralganlarning 49,1 foizi turmush tarzi va madaniyati milliy urf-odatlar va an’analarga asoslanishini e’tirof etganki, bu ularning milliy g‘ururini mustahkamlashga xizmat qiladi.
So‘ralganlarning aksariyati (85,8 foizi) ijtimoiy maqsadlar tizimini ishlab chiqishda oila muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonadi. Zamonaviy oila va ijtimoiy ongda kattalarni hurmat qilish, jamiyatda o‘zini munosib tuta bilish, kamtarlik va mehnatsevarlik, o‘sib kelayotgan avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish asosiy qadriyatlar hisoblanadi. Bu borada yosh avlod ota-onalarining fikrini ma’qullaydi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi besh yilda yoshlarni tarbiyalashda ulkan hayotiy tajribaga ega kattalarning o‘rni ikki barobardan oshgan. Zero, xalqimizda ma’naviy-axloqiy qadriyatlar avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Aksariyat oilalarda (99,5 foiz) farzandlarini tarbiyalashda ularning ongiga mustahkam ma’naviy asoslar va axloqiy prinsiplar singdirib boriladi, (66,3 foiz oilalarda) mehnatsevarlikka, (66,9 foiz oilalarda) halollikka o‘rgatiladi.
Oilalarda an’anaviy munosabatlar saqlanib kelmoqda. Ko‘pchilik so‘ralganlarning fikricha (62 foiz), ota oila boshlig‘i hisoblanadi. So‘rov ishtirokchilarining uchdan bir qismi bu masalada er va xotin teng degan fikrda. Ayni paytda fuqarolarimiz bolalarning ma’naviy tarbiyasida oila a’zolarining barchasi birdek javobgardir, deb biladi.
So‘rov Prezidentimiz Islom Karimovning 1998 yil 28 oktabrda qabul qilingan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni soddalashtirishga oid farmoniga muvofiq milliy qadriyatlar, an’analar va urf-odatlarning asl mohiyatini targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ushbu masalada ijtimoiy fikrning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganidan dalolat beradi. So‘rov ishtirokchilarining 46,4 foizi mahallasida to‘y marosimlari fuqarolar yig‘ini nazorati ostida ortiqcha isrofgarchiliklarsiz o‘tkazilayotganini bildirgan.
So‘ralganlarning fikricha, sevgi-muhabbat (59,2 foiz), qarashlarning uyg‘unligi, er-xotin o‘rtasidagi samimiy munosabatlar, ularning ta’lim-tarbiyasining mutanosibligi muvaffaqiyatli nikohni ta’minlashda eng muhim omillardan sanaladi. 58,7 foiz fuqaro turmush qurayotganlarning salomatligi bo‘lajak oilada mustahkam va farovon hayotni ta’minlashda katta rol o‘ynaydi, deb hisoblaydi. Bu sog‘lom turmush tarzini shaklantirishda oila muhim o‘rin egallashidan dalolatdir. Bundan tashqari, oila qurishdan maqsad farzandlar ko‘rish va tarbiyalash, ularning jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishga ko‘maklashishdan iborat, degan mustahkam fikr ham saqlanib qolmoqda.
Tadqiqot fuqarolarning reproduktiv qarashlarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ham namoyish etdi. Bugungi kunda jamiyatimizda ikki yoki uch farzandli oilalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda oilalarda yigit-qizlarning o‘rta maxsus va oliy ta’lim olish muhimligi haqidagi tushunchasi tobora ortib borayotir. Shunga muvofiq yoshlarimiz o‘rtasida zamonaviy bilim va zarur kasbni egallashga intilish ham kuchaymoqda. Bu borada yoshlar uchun barcha imkoniyatlar, jumladan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani samarasida keng sharoitlar yaratilgan.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, aholining qariyb 90 foizi davlatimiz rahbarining mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan siyosatini yuksak baholaydi. Ko‘pchilik oilalarda (81,7 foiz) farzandlarining jismoniy salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalarning 44,7 foizi ta’lim muassasalari huzuridagi sport seksiyalarida sport bilan faol shug‘ullanyapti, ularning har uch nafaridan biri shahar va mahallada faoliyat yuritayotgan maxsus seksiyalardagi mashg‘ulotlarda qatnashayotir.
Istiqlol yillarida yurtdoshlarimizning kelajakka, farzandlarining hayotda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib bormoqda. Bunda fuqarolarning 85,9 foizi, birinchi navbatda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonadi. So‘rovda, shuningdek, o‘z oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshi deb baholaydigan fuqarolar soni ham ortib borayotgani kuzatildi. Ularning fikricha, bu davlatimiz rahbarining puxta o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining bevosita natijasidir.
O‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov oila xalqimiz uchun eng muhim hayotiy qadriyat va barkamol avlodni voyaga yetkazishda asosiy omil hisoblanishini yana bir bor tasdiqladi. Mamlakatimiz fuqarolari Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan oila institutini rivojlantirish va bu sohada samarali siyosatni amalga oshirishga doimiy qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli, mustaqillik yillarida oilalarning farovonligi va turmush tarzi yanada yaxshilanib, ma’naviy-axloqiy qadriyatlari mustahkamlanib borayotganiga qat’iy ishonadi.
«Ijtimoiy fikr» markazi
materiallari asosida
O‘zA


