21.02.2012
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi "Yilning eng faol jurnalisti – 2011" tanlovini e’lon qildi.
Hurmatli hamkasblar!
O‘tgan yil yurtimiz hayotida eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning muborak 20 yilligi sanasi sifatida o‘chmas iz qoldirdi. Zero, o‘zining necha ming yillik ko‘hna tarixida ne-ne voqealarni boshidan kechirgan xalqimiz uchun O‘zbekiston mustaqilligi – hayotimizni, ongu shuurimizni tubdan o‘zgartirgan bu ulug‘ sana ko‘p yillar, zamonlar o‘tsa-da, o‘z ahamiyati, qadr-qimmati va mohiyatini yo‘qotmaydigan, tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lib abadiy saqlanib qoladi.
«Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!» shiori ostida o‘tgan 2011 yilda mamlakatimiz o‘zi tanlab olgan va og‘ishmay ilgarilab borayotgan taraqqiyot yo‘lidan yana bir dovon oshdi. Mustaqillik deb atalgan bebaho ne’mat, xalqimizning fidokorona mehnati, uning tobora yuksalib borayotgan tafakkuri, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, ezgu orzu-intilishlari mahsuli bo‘lgan yutuq va muvaffaqiyatlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan yanada keng e’tirof etildi.
20 yillik manzaralar, taraqqiyotning o‘zbekona yo‘li, tarix va istiqbol kesishgan chorrahalar, milliy qadriyatlarimiz rivoji, xalqimiz hayotidagi yangilanishlar, xususan, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi doirasida iqtisodiyot va xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar ommaviy axborot vositalari faoliyati va jurnalistlar ijodida ustuvor o‘rin tutdi.
Aziz hamkasblar, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi sizlarni «Yilning eng faol jurnalisti – 2011» tanlovida qatnashishga taklif etadi. Tanlovga 2011 yilning 1 iyunidan 2012 yilning 1 iyunigacha gazeta va jurnallarda, internet nashrlarida e’lon qilingan materiallar, efirga uzatilgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar qabul qilinadi.
Materiallar tanlovga tahririyatlar tavsiyasi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘limlari orqali joriy yilning 5 iyunigacha muallifning ish joyi, telefoni, manzili haqidagi ma’lumotlar va pasport nusxasi ilova qilingan holda taqdim etilishi lozim.
«Yilning eng faol jurnalisti – 2011» tanlovi g‘oliblari va sovrindorlariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlab 27 iyunda o‘tkaziladigan bayram tadbirida topshiriladi.
Materiallar «Yilning eng faol jurnalisti – 2011» tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100129, Toshkent shahri,
Navoiy ko‘chasi, 30-uy.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
3-qavat, 30, 35, 37-xonalar
Telefonlar: 244-64-61; 244-64-62; 244-37-87.
www.Journalist.uz


