Obod turmush yili

21.02.2013

Mamlakatimizda har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish ezgu an’anaga aylangan. Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish uchun tegishli davlat dasturlari ishlab chiqilib, yil davomida amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonga investitsiyalar ajratishda nafaqat davlat, balki nodavlat tuzilmalar, jamoat tashkilotlari, korxonalar ham ishtirok etmoqda. O‘tgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday dasturlarning hayotga tatbiq etilishi muayyan davrda bajarilishi belgilangan vazifalarni yuksak samaralar bilan amalga oshirish imkonini beradi. Ayni paytda istiqboldagi bir necha yil uchun zamin yaratib, rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, bularning barchasi aholining turmush darajasi va farovonligini yanada oshirishga qaratilgan ishlar izchilligini ta’minlash, jamiyatimiz, xalqimiz va mamlakatimizning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2012-yil 7-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2013-yilni Obod turmush yili, deb e’lon qildi.

Ushbu ezgu maqsadlar «Obod turmush yili» Davlat dasturida o‘zining to‘liq ifodasini topdi. Unda belgilab berilgan chora-tadbirlar o‘tgan yillarda hayotga tatbiq etilgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomidir.

«Obod turmush yili» Davlat dasturi 8 bo‘lim va 86 banddan iborat bo‘lib, ularda mamlakatimizning joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy hamda siyosiy hayotini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, aholi farovonligini oshirish, har bir oilada va, umuman, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash yo‘llari aniq belgilangan.

Dasturda rejalashtirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi davlat va nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mamlakatimizning barcha fuqarolari qatnashishini taqozo etadi. Ularni bajaradigan muayyan ijrochilar – tegishli vazirlik va idoralar, amalga oshiriladigan tadbirlarning ijro muddatlari, moliyalash manbalari, monitoring tizimi, qonuniy-huquqiy, tashkiliy hamda iqtisodiy mexanizmlari belgilangan.

Mamlakatimizda barqarorlik va osoyishtalik, xavfsizlik, fuqarolar va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, jamiyat farovonligi va ravnaqini izchil yuksaltirish mazkur Davlat dasturining muhim ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan. Ushbu ijobiy jarayonni ta’minlash mamlakatimizda barcha jabhada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor, jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni izchil davom ettirish kafolati, kuchli bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lida erishayotgan yutuqlarimizning muhim omilidir.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning shakllangan qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish eng muhim vazifalardandir. Davlat dasturida to‘rtta qonun – O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi, yoshlarni ishga joylashtirish shart-sharoitlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga oila institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, «Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonun loyihalari ishlab chiqiladi.

Aholi farovonligi va real daromadlari muttasil o‘sishini ta’minlash, bandlikni oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikni yanada rivojlantirish, aholiga, avvalo, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlar va kam ta’minlangan oilalarga davlat tomonidan manzilli himoya va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish «Obod turmush yili» Davlat dasturining muhim yo‘nalishlaridandir. 2013-yilda byudjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiya, nafaqalar va stipendiyalar miqdorini o‘rtacha kamida 23 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish maqsadida Davlat byudjeti jami xarajatlarining qariyb 60 foizi yo‘naltiriladi.

Dasturda yangi ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini qurish, xizmat ko‘rsatish, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik sohalarini rivojlantirish, kasanachilikni kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. 2013-yilda, birinchi navbatda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik hamda kasanachilikni barqaror rivojlantirish hisobidan 970 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat dasturiga muvofiq tijorat banklari tomonidan oilaviy, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, hunarmandchilikni rivojlantirish, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga o‘z biznesini tashkil etishi uchun kreditlar ajratish amaliyotini kengaytirish rejalashtirilgan. Joriy yilda bunday kreditlarning umumiy hajmi 269,6 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Dasturda mamlakatimizning har bir hududida sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilgan. Ularda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, hududiy korxonalarni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishga jalb etish, bo‘sh yotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Qishloq aholisini bog‘dorchilik faoliyatiga jalb etish, uzumchilik, chorvachilik va ipakchilikni rivojlantirish ham aholi bandligi hamda daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yangi korxonalar barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha 288 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Qayta ishlash hajmlari, jumladan, ishlab chiqarishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy mini-texnologiyalarni joriy etish hisobidan ko‘paytiriladi.

«Elektron hukumat» tizimini jadal shakllantirish ham muhim va dolzarb vazifadir. Internet tarmog‘ida «bir darcha» rejimida faoliyat yuritadigan interfaol davlat xizmatlari yagona portalini yaratish mo‘ljallangan bo‘lib, bu iqtisodiy faoliyat sub’ektlari va boshqaruv organlarining o‘zaro munosabatlarini sezilarli darajada soddalashtirish imkonini beradi.

2013-yilda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirishga oid ishlar davom ettiriladi. Shu maqsadda aholi salomatligini saqlash tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy tashxis va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash, xastaliklarning oldini olishni kengaytirish hamda davolashning ilg‘or texnologiya va uslublarini joriy etish, pirovard natijada fuqarolar, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Chekka joylardagi aholi punktlarida 32 qishloq vrachlik punktini barpo etish, 54 tibbiyot birlashmasini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, 11 viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ularning barchasi, shuningdek, 13 viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi zamonaviy tashxis va davolash uskunalari bilan jihozlanadi.

Inson kapitaliga investitsiyalarni yo‘naltirish – izchil iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirishning muhim shartidir. Shu maqsadda joriy yil Davlat dasturida jismoniy va ma’naviy sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, zamonaviy hunarlarni puxta egallagan mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim darajasini yanada takomillashtirish va uning sifatini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning har tomonlama samaradorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida 217 umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish va 164 umumta’lim maktabini, 159 akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarini kapital ta’mirlash, 55 musiqa va san’at maktabi hamda 116 bolalar sporti ob’ektini, oliy ta’lim muassasalari tizimidagi 45 inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ularning barchasi zarur uskuna va inventarlar bilan jihozlanadi. Shu bilan birga, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ham ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda ushbu jarayonning ma’naviy-axloqiy jihatiga e’tibor qaratish, ularda milliy g‘urur, o‘zlikni anglash tuyg‘ularini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu ishlar doirasida 2013-yilda yoshlarning kasbiy ko‘nikma va shaxsiy fazilatlarini rivojlantirish uchun ta’lim oromgohlari faoliyat ko‘rsatadi, bolalar hamda yoshlarning foydali va madaniy dam olishini tashkil etish yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.

«Obod turmush yili» Davlat dasturida xalqimizning turmush darajasi va hayot sifatini yanada oshirish, munosib yashash va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish, yangi turar joylar qurish, zamonaviy yo‘llar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, aholi punktlarini toza ichimlik suvi, elektr va issiqlik energiyasi bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, 2013-yilda 553 qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 10 mingta yakka tartibdagi uy-joy quriladi, mamlakatimiz aholisini, birinchi navbatda, qishloq aholisini suv, gaz va kanalizatsiya xizmatlari, elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi, minglab kilometr yangi yuqori voltli elektr uzatish liniyalari, suv chiqarish hamda gaz taqsimlash tarmoqlari ob’ektlari barpo etiladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi.

Dasturda zamonaviy yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilgan. Umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini kapital ta’mirlash, shuningdek, qishloq joylarda uzunligi 239,1 kilometr bo‘lgan yangi, tutashgan avtomobil yo‘llarini barpo etish, shaharlarda yangi ko‘chalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.

Mahalla xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan 2013-yilgi Davlat dasturida mahalla instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning huquq va vakolatlarini kengaytirish, joylarda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga oid masalalarni hal etishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh hamda kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, mahallalar va turar joy massivlarining tashqi qiyofasini yaxshilash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirishga oid muhim kompleks chora-tadbirlarni bajarish rejalashtirilgan.

Mahallalarning qiyofasini yanada yaxshilash, uylarning old qismi va tomlarini, ko‘chalar va yo‘laklarni ta’mirlash, bolalar sport maydonchalarini qurish, energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llash orqali tashqi yoritish tarmoqlarini rivojlantirish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash ham dasturda belgilangan vazifalar sirasiga kiradi. Mahallalar hududlarida 15 million tup manzarali va 29,5 million tup mevali daraxt nihollari, shuningdek, 10 million tup gul hamda butalar ekish ko‘zda tutilgan. 2013-yilda mahallalarni obodonlashtirish, qishloqda ekologik turmush sharoitlarini yaxshilash masalalarini hal etishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish orqali qishloqlarning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha «Obod uyim» loyihasi amalga oshiriladi.

Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni aniq manzilli asosda ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar istiqbolda ham izchillik bilan amalga oshiriladi.

Mahallalarda yil davomida xalqimizga xos tinchlik-osoyishtalikka intilish, mehr-muruvvat, o‘z xalqining tarixi hamda madaniyatini hurmat qilish kabi qadriyatlarni targ‘ib etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi.

Joriy yilda ham mamlakatimizda oilani yanada mustahkamlash, ayollarning oila va jamiyatdagi o‘rni va mavqeini, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ayollar bandligini ta’minlash va faoliyatini munosib rag‘batlantirish, ularga o‘zini namoyon etishi hamda uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish uchun qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yanada rivojlantiriladi.

Xususan, Davlat dasturini hayotga tatbiq etish doirasida «Yosh oilalar uchun turar joy» dasturini, imtiyozli kreditlar taqdim etish orqali, ayniqsa, qishloq joylarda xotin-qizlar tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirish va moliyalash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda «Oila farovonligini yanada oshirish maqsadida ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish» loyihasi ro‘yobga chiqariladi.

Dasturda qayd etilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 6655 milliard so‘m yoki 919,2 million AQSH dollariga teng mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuning 3312,4 milliard so‘mini davlat byudjeti va davlatdan tashqari jamg‘armalar, 1917,9 milliard so‘mini ijrochilar va homiylar, 1424,7 milliard so‘mini tijorat banklarining kreditlari tashkil qiladi. Shuningdek, 664,6 million dollar hajmida xalqaro tashkilotlar, moliya institutlarining mablag‘lari va grantlar jalb etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, barcha tuman va shaharlarda «Obod turmush yili» Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etiladi. Ularning vazifalari Davlat dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz, to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, tegishli hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda bajarishdan iboratdir.

Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi zimmasiga davlat va xo‘jalik boshqaruvining respublika organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning unda belgilangan tadbirlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarishiga doir ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.

Muxtasar aytganda, «Obod turmush yili» Davlat dasturi mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barcha muhim yo‘nalishlarini qamrab olgan. Uning samarali amalga oshirilishi esa xalqimizning hayotini yanada yaxshilash, farovon, tinch va osuda turmush kechirishi, mamlakatimiz ravnaqini ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.

O‘zA