09.02.2012
Davlat axborot resurslarini hisobga olishni takomillashtirish, ularning ro‘yxatini kengaytirish va interfaol davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida 2012-yil 1-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joylarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillarida mamlakatimizda jahon axborot hududiga integratsiyalashuv ishlarini izchil va jadal amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatimizning barcha sohalariga keng joriy etish nazarda tutilgan.
Bu borada belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida «Kompyuterlashtirish markazlari» davlat unitar korxonalari tashkil etilmoqda. Ularning zimmasiga zamonaviy xalqaro tendensiyalar va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga muvofiq joylarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklangan.
Mazkur markazlar faoliyatiga axborot resurslarini boshqarish va yangilash, hududlarda yaratilgan va yaratilayotgan davlat axborot resurslari va axborot tizimlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashish ham kiradi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari veb-portallarini muntazam yangilab borish, davlat xizmatlarini interfaol, jumladan, «yagona oyna» tamoyili bo‘yicha ko‘rsatish ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi. Tegishli hududda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning mavjud holati va istiqbolini muntazam tahlil qilish va uning natijalari asosida mazkur sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ushbu markazlar faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligidan ma’lum qilishlaricha, tashkil etilayotgan «Kompyuterlashtirish markazlari» davlat unitar korxonalari faoliyatini me’yoriy-uslubiy boshqarish mazkur agentlik tomonidan amalga oshiriladi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, davlat axborot resurslari ro‘yxati yangilari bilan to‘ldirildi, Davlat axborot xizmatlari reyestriga yuzdan ortiq bazaviy interfaol davlat xizmatlari kiritildi. Bunda foydalanuvchilarga kishilar kundalik hayotda duch keladigan masalalarga oid har xil ma’lumotlar taqdim etiladi. Masalan, soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning byudjet va byudjetdan tashqari fondlar bilan o‘zaro hisob-kitobiga oid, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar tartibi va tarkibiga oid, ro‘yxatdan o‘tgan kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlar reyestri, mavjud marshrutlar va fuqarolardan transport xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha takliflar qabul qilish kabi ko‘plab ma’lumotlar bilan hokimlik yoki boshqa davlat muassasasi veb-portalining har qanday foydalanuvchisi on-layn rejimida tanishishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, mijozlar bilan ishlashning mana shunday «yagona oyna» usulidagi qulay shakli amaliyotdan mustahkam o‘rin egallamoqda. Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahrida «yagona oyna» tamoyili asosida ishlaydigan «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining yettita savdo shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda tashrif buyuruvchilarga telefon, internet aloqasidan tortib, CDMA-450 standarti bo‘yicha statsionar va mobil aloqagacha bo‘lgan keng turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Mamlakatimizda 30 dan ziyod mana shunday tuzilmalar ish yuritmoqda. Ularda kompaniya abonentlari maslahat, zarur axborot materiallarini olish, shartnomalar tuzish va shartnoma pulini to‘lash imkoniga ham ega bo‘lmoqda.
Sirg‘ali tumani hokimligida «yagona oyna» tamoyili asosida ishlaydigan, yanada kengaytirilgan tuzilma yaratildi. Unda aholiga interfaol tarzda turli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Yagona oyna markazi xizmat ko‘rsatish uslubini o‘zgartirish orqali xizmatlar jarayonidagi ayrim bosqichlarni qisqartirgan holda yangi shakldagi davlat xizmatlarini ko‘rsatadi. Ushbu yangicha yondashuvning mohiyati shundan iboratki, aholiga ko‘rsatiladigan keng turdagi davlat va ijtimoiy xizmatlar bir joyda amalga oshiriladi, fuqarolar ortiqcha vaqt sarflamasdan, ma’lumotnoma, litsenziya olish, akkreditatsiyadan o‘tish va boshqa xizmatlarni yagona darcha markazida amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu markazlarda gaz, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xalq ta’limi, elektr, sog‘liqni saqlash tuman bo‘limlarining vakillari bo‘lgan mutaxassislar, hokimlikning tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi va boshqa bo‘linmalari xodimlari xizmat ko‘rsatadi. Aholi bilan ishlashning ushbu barcha yangi shakllari mazkur xizmatlarni ko‘rsatadigan markazlarni kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, aloqa vositalari bilan yaxshi ta’minlashni taqozo etadi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi «Kompyuterlashtirish markazlari» davlat unitar korxonalari, o‘z navbatida, tegishli yagona oyna markazlariga yordam ko‘rsatadi.
Mamlakatimizning ayrim hududlarida interfaol xizmatlarni joriy etish bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yildi. Masalan, Sirdaryo viloyati davlat organlarida elektron hujjat aylanishini joriy etish bo‘yicha sinov loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu o‘rinda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlaydigan yaxlit tizimni barpo etish, «Sirdaryo viloyati portali»ni yaratish hamda mahalliy hokimiyat organlarining fuqarolar, biznes tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qilishiga ko‘maklashadigan boshqa choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirgi paytda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan soliq va buxgalteriya hisobotini elektron shaklda qabul qilish tizimi bosqichma- bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda, bo‘lajak elektron hukumatning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan interfaol davlat xizmatlari ro‘yxati kengaytirilmoqda.
O‘zA
Boshqa yangiliklar
- O‘zbekistonda softver sanoati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
- "O‘zbekiston matbuoti" jurnali (2012 yil 1-2 son) – Internet elchixona, u qanday faoliyat yuritadi?
- Axborot-ta’lim muhitining ta’lim sifatini oshirishdagi imkoniyatlari
- AKT joriy etish va ulardan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
- Axborot-resurs markazlari faoliyati takomillashib bormoqda
- Toshkentda Xalqaro elektr aloqalari ittifoqining mintaqaviy tadbirlari o‘tmoqda


