Jurnal "Weekend KNAAK" (Belgiya) - "O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo’lining yuragi"

14.02.2012

Belgiyada chop etiladigan ommabop «Weekend KNAAK» jurnali sahifasida taniqli jurnalist va fotomusavvir Yoxan Fransenning «O’zbekiston - Buyuk Ipak yo’lining yuragi» sarlavhali maqolasi e'lon qilindi. Ushbu maqola muallifning O’zbekiston bo’ylab sayohati chog’ida orttirilgan taassurotlar asosida tayyorlangan bo’lib, unda  xalqimizning bebaho madaniy merosi va boy tarixi, diqqatga sazovor maskanlari haqidagi fikr-mulohazalar ko’p sonli jurnalxonlar e'tiboriga havola qilingan. Xususan, u O’zbekiston poytaxti - Toshkent o’zini juda maftun qilgani, bu shahar kishida kelajakka komil ishonch tuyg’ularini uyg’otishini qayd etadi. 

Maqolada ta'kidlanishicha, Toshkent o’zining ko’p asrlik tarixi mobaynida bir necha marotaba vayronagarchilikka ro’para kelgan, buning «sababi urushlar yoxud 1966 yilda sodir bo’lgan mudhish zilzila singari tabiiy ofatlar edi. Ammo, shunga qaramay, shahar har gal qayta tug’ilgan va yanada go’zal manzara kasb eta borgan», deb yozadi Y.Fransen. 

Muallif O’zbekiston mustaqilligini e'lon qilganidan so’ng Toshkent sezilarli darajada o’zgarib ketgani va mamlakat Prezident Islom Karimov rahbarligi ostida o’z mustaqil taraqqiyot yo’lini tanlab olgani holda erkin bozor iqtisodiyotiga o’tishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlarni o’tkazayotganini jurnalxonlar e'tiboriga havola etgan. Muallif o’z maqolasida Toshkentning takrorlanmas ranglar uyg’unligiga boy bo’lgan ko’cha va bozorlarini, ularda taklif qilinadigan mahsulotlar va turli tuman noz-ne'matlarni tasvirlashga alohida e'tibor qaratgan. 

«Chorsu bozori yaqinida XVI asrda asos solingan va bugungi kunda ham mashhur diniy ta'lim muassasasi sifatida faoliyat ko’rsatayotgan Ko’kaldosh madrasasi qaror topgan. Bu yerda nafaqat diniy ilmlardan, balki astronomiya, matematika va tibbiyot fanlaridan ham saboq beriladi. Sobiq sho’rolar hukmronligi davrida ko’pchilik madrasalardan ombor va mahsulot saqlanadigan joylar sifatida foydalanilgan, ammo mustaqillikka erishilgandan so’ng O’zbekistonda ularning barchasi qayta tiklanib, jiddiy ta'mirlandi va hozir ularning tashqi ko’rinishi, bezak va jilolari asl holiga keltirilgan», deb yozadi muallif. 

Maqolaning «Ipak yo’li» deb nomlangan bo’limida O’rta yer dengizini Xitoy va Uzoq Sharq bilan bog’lagan qadimgi karvon yo’llari haqidagi tarixiy ma'lumotlar atroflicha qalamga olingan. «Bu yo’l bo’ylab satin va yoqutlar, qog’oz va chinni buyumlar, xushbo’y atirlar, choy va qimmatbaho matolar o’n ming chaqirimdan ziyod masofada bir shahardan ikkinchisiga olib borilgan. Buyuk Ipak yo’li ko’hna Sian shahridan boshlanib butun O’rta Osiyo va Eron hududi orqali Yaqin Sharqqacha yetib borgan. Shimoliy tarmoq Qrim va Qora dengizgacha, janubiy yo’llar esa Mesopatamiya orqali Antioxiyaga eltgan. Bu yo’l orqali nafaqat turli mol-tovarlar, balki madaniy yangiliklar, ilm va din bilan bog’liq axborotlar almashilgan. Sharq va G’arb o’rtasida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva O’zbekistonning eng mashhur sayyohlik shaharlari bo’lib, ular YUNESKO Butunjahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan». 

So’ngra jurnalist o’quvchilar e'tiborini Nukus shahriga qaratar ekan, «sobiq sho’rolar saltanati davrida olib borilgan paxta ekish monopoliyasi siyosati tufayli Orol dengizi «oq oltin»ning qurboniga aylanganini» afsus bilan qayd etadi. «1960 yildan boshlab suvdan nooqilona foydalanish tufayli Orol dengizi yarmigacha sayozlashib ketdi, bu esa o’z oqibatlari bilan mudhish ekologik halokatga olib keldi», deb yozadi u. 

Y.Fransen eslatib o’tganidek, «aynan shu yerda musavvir Igor Savitskiy Qoraqalpog’istonning an'naviy kiyimlari va zeb-ziynatlaridan tashqari rus avangardchilari ishlarining ajoyib namunalarini to’plagan bo’lib, u kattaligi va ahamiyati jihatidan Sankt-Peterburgdagi Rus muzeyidan keyin ikkinchi o’rinda turadi». «Sho’rolar rahbariyatining aqidalariga mos kelmagan tasviriy san'at shu yerda, senzuradan uzoqroqda yashirinish uchun ovloq joy topgan», deya o’z fikrini davom ettiradi Y.Fransen. Uning e'tirof etishicha, «O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng musavvirlarning bebaho asarlari keng xalq e'tiboriga taqdim qilindi, Savitskiy muzeyi esa butun dunyoga mashhur bo’lib ketdi». 

Jurnal o’quvchilarini qadim va go’zal Xivani borib ko’rishga taklif etar ekan, muallif o’zining quyidagi mulohazalarini bildiradi: «O’n metrli devor va darvozalar ortidagi Xiva go’yo vaqt to’xtab qolgan palladagi shaharni eslatadi. Eski shaharning masjid, madrasa va saroylari uning o’rta asrlarda qadimgi savdo karvonlari tufayli gullab-yashnaganidan dalolat beradi. 57 metrli Islomxo’ja minorasi mamlakatdagi eng baland minora hisoblanadi. Tugallanmagan Kalta Minor turli ranglardagi geometrik shakllar bilan bezatilgan bo’lib, u O’rta Osiyoning eng baland minorasi bo’lishi kerak edi». 

Y.Fransenning fikricha, Xivaning YUNESKO tomonidan jahon merosi ob'yekti sifatida e'tirof etilishiga ko’p jihatdan shaharning tarixiy yaxlitligi va betakror me'moriy uslubi sabab bo’ldi. «Xiva ochiq osmon ostidagi muzey shahar bo’lib, unda moviy peshtoq va gumbazlarga ega bo’lgan ko’plab hashamatli binolar mavjud». Maqolada aynan shu zaminda buyuk olim Al-Xorazmiy yashab ijod qilgani alohida ta'kidlangan. «Tarixdan ma'lumki, «algoritm» va «algebra» kabi tushunchalar uning ismidan kelib chiqqan», deb yozadi yevropalik jurnalist. 

Maqolada Buxoro taassurotlari muallif tomonidan atroflicha bayon qilingan. U Buxoro shahri ilm va madaniyatning eng qadimgi markazlaridan biri sifatida mashhurligini alohida qayd etadi. Shaharning boy tarixini qalamga olar ekan, bu maskanda ma'lum va mashhur olim, tabib va faylasuf Abu Ali Ibn Sino ta'lim olgani haqida o’quvchilarga atroflicha ma'lumot beradi. Ulug’ alloma yaratgan «Tib qonunlari» asari asrlar davomida butun dunyo tabobatchilari uchun bebaho manba hisoblanishi ham ushbu maqolada qayd etilgan. Buxoroda qad ko’targan me'moriy obidalar, jumladan, g’ishtdan qurilgan ajoyib Ismoil Somoniy maqbarasi, mahobatli Minorai Kalon o’z go’zalligi bilan muallifni juda lol qoldirganini payqash qiyin emas. 

«Buxoro - aholisi zich joylashgan, bir-biriga qarama-qarshi qilib qurilgan va bir-birini oyna kabi aks ettiradigan bozor, madrasa hamda masjidlar labirintidan iborat shahardir, deb yozadi u. Shahar markazida joylashgan mashhur Labi hovuz bir paytlarda shaharni suv bilan ta'minlaydigan o’nlab hovuzlarning biri bo’lgan...». 

Maqolaning Samarqandga bag’ishlangan qismida muallif Amir Temur boshqaruvi davrida bu shahar juda ulkan hududni egallagan qudratli saltanatning poytaxti bo’lgani aytib o’tiladi. Y.Fransen «o’z zamonida eng mahobatli hisoblangan Bibi Xonim masjidi qurilishi uchun yuzlab fillarda dunyoning turli nuqtalaridan Samarqandga qimmatbaho qurilish ashyolari olib kelingan. Barvaqt olamdan o’tgan nabirasi uchun Amir Temur go’zal oilaviy maqbara qurishga farmon bergan va shu maqbaradagi nefritdan yasalgan yodgorlik ostida Amir Temurning qabri joylashgan»ini o’quvchilar e'tiboriga havola qilgan. 

Butun shahar bo’ylab maqbaralar, o’rta asrga oid turli yodgorliklar talaygina ekani ham muallifni hayajonlantiradi. «Bu obidalar tojining marvaridi, shubhasiz, Registon maydoni hisoblanadi... Go’yo go’zalligi borasida bir-biri bilan bahslashayotgan madrasalardan iborat yaxlit me'moriy majmua Temuriylar tomonidan bunyod etilgan. Mirzo Ulug’bek - Amir Temurning nabirasi va benazir astronom Samarqandda rasadxona va birinchi dunyoviy maktab qurdirgan. Fikr erkinligining yana bir dalili sifatida Sherdor madrasasi xizmat qiladi. Uning mahobatli peshtoqida inson va jonzotlar qiyofalari aks ettirilgan», deb yozadi muallif. 

Maqola rang-barang suratlar bilan bezatilgan bo’lib, ularda O’zbekistonning ajoyib madaniyati va me'morchilik obidalari, shuningdek, yurtimiz tabiatining go’zal manzaralari o’z aksini topgan.