"Qishloq hayoti" gazetasi - 14-fevral – Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud kuni

14.02.2012

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimizning umrboqiy qadriyatlari, an’analarini qayta tiklash, xususan, ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyandalaridan biri, ulug‘ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 529 yilligini munosib nishonlash, uning serqirra ijodiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida Toshkent viloyatida ham qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Chirchiq shahridagi harbiy qismda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi tashabbusi bilan ana shunday tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Mahalla» jamg‘armasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘limlari vakillari, harbiylar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda istiqlol yillarida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi, uning betakror ijodi va faoliyatiga munosabat tubdan o‘zgargani, xususan, o‘lmas «Boburnoma» asari, g‘azal va ruboiylari yosh avlodni mehr-oqibat, Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.

– Ulug‘ allomalarimiz ijodi biz, yoshlarning ma’naviy kamolotimizda alohida o‘rin tutadi, – deydi Andijon viloyatidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Boburmirzo Madaminov. – Shu bois biz, yoshlar bu bebaho xazinaning mazmun-mohiyatini qanchalik chuqur anglab yetsak, shu qadar ma’naviy kamolotga erishamiz. Men Bobur Mirzo tavallud topgan yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman. Kelajakda ana shunday ulug‘ ajdodimizga munosib voris bo‘lishga harakat qilaman.

Kechada Bobur asarlaridan namunalar o‘qildi va g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi.