Innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy kadrlar tayyorlash muammolari

Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kollejida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tashabbusi bilan «Matbaa sohasida innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy kadrlar tayyorlash muammolari» mavzusida seminar tashkil etildi.
 
Semanarda kollej o'qituvchilari, davlat va xususiy nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
 
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida 10 dan ziyod qonun va 150 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohada mustahkam huquqiy baza yaratildi. 1991 yilga nisbatan ommaviy axborot vositalari qariyb 4 martaga, nashriyotlar 13 karra va matbaa korxonalari 12 barobarga ko‘payib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati sezilarli darajada yaxshilandi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2017 yil 11 avgustdagi Farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va yangi bosqichda izchil davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
 
Ushbu hujjatga muvofiq, noshirlik va matbaachilik yo‘nalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyati sohasida milliy va xalqaro tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish, matbuot va axborot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohalarida tegishli mintaqaviy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish singari masalalar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining asosiy vazifalari etib belgilangan.
 
Bugungi kunda mamlakatimizda 1700 dan ziyod matbaa korxonalari faoliyat yuritmoqda. Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji mazkur korxonalarga o‘rta maxsus bilimga ega kichik kadrlarni tayyorlab beradi. 2001 yilda tashkil etilgan ushbu ta’lim muassasasida 800 dan ziyod yigit-qiz «Matbaa ishlab chiqarish texnik texnologi», «Dasturiy injiniring texnigi», «Axborot-resurs markazi kutubxonachisi», «Buxgalter» singari 6 yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olmoqda.
 
Seminarda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev, «O‘zbekiston» NMIU direktori Q.Mahkamov, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU direktori T.Qo‘yliyev, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» DIN direktori E.Abdurahmonov, Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji direktori N.Tuykulova va boshqalar nashriyot-matbaa korxonalarida texnik muharrirlar, sifat nazorati bo‘yicha mutaxassislar, mexanik singari o‘rta maxsus bilimga ega kadrlar yetishmasligini qayd etdi. Matbaa sohasini yanada rivojlantirishda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, yoshlarning zamonaviy innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmasini shaklantirish, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashi uchun kollej bilan nashriyot-matbaa korxonalari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladi.
 
Seminarda bildirilgan fikr va mulohazalar yuzasidan tegishli hujjat qabul qilinishi belgilandi.
 
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi
Axborot xizmati

1 1493
Манба api.uz